ALMANAX
ALMANAX (Arabcha — almunah — vaqt, kalendar) — turli mualliflarning mavzu, janr va boshqa belgilarga ko’ra birlashtirilgan adabiy asarlari tuplami. O’rta asrlarda Sharqda astronomiya kalendarlari Almanax nomi bilan atalgan. Bundan tashqari, Sharq adabiyotida zamondosh shoirlarning ijodlaridan namunalar yig’ib «Bayoz»lar ham tuzilganki, ularni ham Almanaxlarning mukammal shakli deb baholash mumkin. 17-18-asrlardan Yevropada ham shunday Almanaxlar nashr etila boshlagan, lekin qiziqarli bo’lishi uchun ularga kichik-kichik badiiy asarlar (hikoya, she’r, latifalar) ham kiritilgan, shu tariqa, Almanax hozirgi ma’nosiga ega bo’lgan. O’zbekistonda ham Almanaxlar nashr etib turiladi (masalan, «Armugon», 1944; «Zafar» 1945; «Guldasta», 1964, 1968; «Yoshlik», 1970-84 va hokazolar).