ALMASHUVCHAN O’ZARO TA’SIR

ALMASHUVCHAN O’ZARO TA’SIR – Ayniy zarralarning bir-biriga alohida ta’sir ko’rsatishi. Almashuvchan o’zaro ta’sir zarralarning diskret xarakteristikalari (zaryadi, spini, massasi) va to’lqin funktsiyasiga bog’liq. Ko’pchilik hodisalar (masalan, gomeopolyar bog’lanish hosil bo’lishi, kristallarda zonalar hosil bo’lishi va hokazolar) ga Almashuvchan o’zaro ta’sir sabab bo’ladi. Ayniy zarralar tizimida ular o’rnining juft-juft bo’lib almashinishidan yuzaga keladigan simmetriyani aks ettiruvchi sof kvant effekt; klassik fizikada unga o’xshash o’zaro ta’sir yo’q. Almashuvchan o’zaro ta’sir kattaligi, asosan, zarralar to’lqin funktsiyalarining ustma-ust tushish darajasi bilan, ya’ni ularning birgalikda fazoning umumiy qismida bo’lish vaqti bilan belgilanadi, shuning uchun bu zarralar holatlari qancha keskin farq qilsa, Almashuvchan o’zaro ta’sirning o’rni shuncha kam bo’ladi. Zarralar orasida o’zaro ta’sir kuchi mavjud bo’lganida Almashuvchan o’zaro ta’sir bu kuchni o’zgartiradi. Masalan, atomdagi elektronlarning aynan bir xilligi hisobga olinganda elektronlarning bir-birini itarishi o’rni kamayadi. Parallel spinli elektronlar itarishish energiyasining effektlarini kamayishi atomlar, molekulalar va kristallarda muhim o’rin tutadi. Masalan, u ferromagnetizmni vujudga keltiradi. Bu effekt vodorod molekulasi N2 dagi gomeopolyar molekulyar bog’lanishga asos bo’ladi. Almashuvchan o’zaro ta’sir hissasi tizimning zichligi ortishi bilan kamayadi. Almashuvchan o’zaro ta’sir atomning tashqi electron qobiqlariga eng katta ta’sir ko’rsatadi. Atom yadrosida ham almashuvchan effektlar muhim o’rin egallaydi. «Almashuvchan o’zaro ta’sir» iborasi zarralarning aynan bir xilligi bilan bog’liq bo’lmagan, ammo koordinatalar almashishini taqozo qiladigan o’zaro ta’sir (mas, yadro) kuchlarini belgilashda ham qo’llaniladi. Almashuvchan o’zaro ta’sir atom va molekula spektrlari, kimyoviy bog’lar, ferromagnetizm va boshqalarni tushuntirib beradi.