SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKALARI ITTIFOQI

SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKALARI ITTIFOQI, SSSR, Sovet Ittifoqi — sobiq Rossiya imperiyasi hududining katta qismida 1922-1991 yillarda mavjud bo’lgan mustabid davlat. SSSRni tashkil etish to’g’risida deb atalgan Shartnoma (1922)ga muvofiq, uning tarkibiga xalqlarning xohishirodasiga zid ravishda Rossiya (RSFSR), Ukraina (USSR), Belorussiya (BSSR), Zakavkaze respublikalari (ZSFSR) (1936 yildan ittifoqdosh respublikalar — Ozarbayjon (Ozarbayjon SSR), Armaniston (Armaniston SSR), Gruziya (Gruziya SSR));, keyinchalik – 1925-yil O’zbekiston (O’zbekiston SSR), Turkmaniston (Turkmaniston SSR), 1929-yil Tojikiston (Tojikiston SSR), 1936-yil Qozog’iston (Qozog’iston SSR), Qirg’iziston (Kirg’iziston SSR), 1940-yil Moldaviya (Moldaviya SSR), Latviya (Latviya SSR), Litva (Litva SSR) va Estoniya (Estoniya SSR) kiritilgan. Mamlakatni tez modernizatsiyalash va boshqa mamlakatlardagi inqilobiy harakatni qo’llab-quvvatlashni maqsad qilib qo’ygan qat‘iy markazlashtirilgan va harbiylashtirilgan totalitar ijtimoiy tuzum vujudga keldi. Davlat va jamiyat hayoti tor doiraga solib qo’yildi, bepoyon mamlakatdagi barcha ishlar markazdan tuzib beriladigan reja asosidagina yuritiladigan bo’ldi, o’ta mafkuralashgan kommunistik tizim qaror toptirildi, demokratik tamoyillar oyoq osti qilindi, sud tizimi bedodlik asosiga qurildi. 1991-yil 8-dekabrda Belorussiya, Rossiya va Ukraina rahbarlari B.N.Elsin, L.M.Kravchuk, S.S.Shushkevich Belorussiyadagi Belaya Veja o‗rmonida bitim imzolab, SSSR tugatilishini qayd etdilar va Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) tashkil etilganligini e‘lon qildilar.