ANDROGENEZ

ANDROGENEZ (Yunoncha andros — erkak va … genez) — jinsiy ko’payish xili. Bunda murtakning rivojlanishida faqat urug’hujayra yadrosi ishtirok etadi. Androgenez ayrim hayvonlar (masalan, Gabrobrakon yaydoqchilari) va o’simliklar (makkajo’xori, tamaki) da tuxum hujayra yadrosi urug’lanishidan oldin nobud bo’lganida (psevdogamiya) yoki tuxum hujayraning yadrosiz qismi urug’langanida (merogoniya) ro’y beradi. Tuxum hujayra yadrosiga fizik yoki kimyoviy yo’l bilan ta’sir etish orqali sun’iy Androgenezni paydo qilish mumkin. Androgenez natijasida hosil bo’lgan gaploid organizmning yashovchanligi past bo’ladi. Diploid Androgenez urug’langan tuxum hujayraning dastlabki bo’linishi tsitotomiyasini birga qo’shish orqali olinadi. Androgenezdan irsiylanishda yadroning ahamiyatini tekshirish, gomozigot yoki bir jinsga mansub bo’lgan organizmlarni olish maqsadida foydalanish mumkin.