Shayboniylar
Shayboniylar — Buxoro xonligini boshqargan sulola (1500-1601). Shayboniyxon asos solgan. Shayboniyxon 15- asr oxiri va 16-asr boshlarida toj-taxt uchun o’zaro kurashayotgan temuriy shahzodalarning o’zaro nizolari oqibatida Movarounnahrning asosiy shaharlari: Samarqand va Buxoroni osonlik bilan egallab, yangi davlatga asos solgan. Keyinchalik Movarounnahrning qolgan hududi va Xuroson ham bu davlat tarkibiga kiritildi. Ismoil I Safaviy bilan bo’lgan jangda Shayboniyxon o’ldirilgach (1510), Ko’chkunchixon xon qilib ko’tarilgan. Uning vafotidan so’ng o’g’li Abu Saidxon qisqa muddat (1530— 33) hukmronlik qildi. Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon davrida poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko’chirilgan va davlatning rasmiy nomi Buxoro xonligi deb ataladigan bo’lgan. Xususan, Ubaydullaxon Shayboniylar sulolasini saklab qolish va uni mustahkamlashda muhim rol o’ynadi. Ubaydullaxon vafot etgach (1540), xonlik qisqa muddat 3 qismga bo’linib, Buxoroda Abdulazizxon, 1557 yildan Abdulla Sulton (Abdullaxon II; Iskandarxonning o’g’li); Samarqandda Abdullaxon I, Abdullatifxon, Baroqxon; Balxda Pirmuhammadxon hukmronlik qilishgan. Abdullaxon II bu tarkrklikka barham berib, xonlik hududini birlashtirgan va uni yanada kengaytirgan. Abdullaxon II vafot etgach, uning o’g’li Abdulmo’minxon va amakivachchasi Pirmuhammadxon II (Sulaymon sultonning o’g’li) qisqa muddat xon bo’lishgan. 16-asr oxiri — 17-asr boshlaridagi murakkab qaramaqarshiliklar natijasida Shayboniylar hokimiyatdan ayrilishdi. So’nggi Shayboniy Pirmuhammadxon II o’ziga qarshi chiqqan Samarqand hokimi Boqi Muhammad bilan 1601 yil iyunda Samarqand yaqinidagi bog’i shamolda bo’lgan jangda mag’lubiyatga uchragach, taxtni topshirishga majbur bo’ldi. Shunday qilib, 1601 yildan Buxoro xonligini yangi turkiy sulola — Ashtarxoniylar (Joniylar) boshqarishga kirishgan. Manbalar: Muhammad Solih, Shayboniynoma, T., 1989; Hofiz Tanish al- Buxoriy, Abdullanoma (1—2-kitoblar), T., 1999— 2000; Zahiriddin Muhammad Bobur, Boburnoma, T., 2002; Mirzo Muhammad Xaydar, tarixi Rashidi, T., 1996. Ad.: Materiali po istorii Sred- ney i Tsentralnoy Azii XXIX vv., T., 1988; Istoriya Uzbekistana (XVI—Pervaya polovina XIX veka), t. 3, T., 1993; O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000; O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.