Jakarta

Jakarta — Indoneziyaning poytaxti. Yava orolining shimoliy-g’arbiy sohilida, Chilivung daryosining Yava dengiziga quyilish joyida. Iutimi tropik ekvatorial; yillik o’rtacha temperatura 27°. Yiliga 1800 mm yog’in yog’adi; havoning namligi 80%. Aholisi 9,5 million kishi (1996). 16-asr boshida hozirgi Jakarta o’rnida Tajajdaran knyazligining Sundakelapa port shahri bo’lgan. 1527 yilda uni Bantam knyazligi egallagan va shahar Jayakerta (ulkan qal’a) deb atalgan. 17-asrda gollandlarning Ost-Indiya kompaniyasi bosib olib vayron qilgan. 1619 yilda gollandlar shahar o’rnida Bataviya qal’asini qurganlar. Keyinchalik uning atrofida shahar vujudga kelib, 1945 yilgacha general gubernator qarorgohi va mustamlaka markazi bo’lgan. 1945 yil 17 avgustdan mustaqil Indoneziya davlatining poytaxti. Gollandiya agressiyasi vaqtida (1946-49) poytaxt vaqtincha Jokyakartaga ko’chirildi; 1949 yildan Bataviya yana Jakarta deb atala boshladi. Jakarta — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi. Oziq-ovqat (choy, kofeni qayta ishlash, sholi oklash, un tortish, yog’, baliq konservalash va boshqalar), kauchukka ishlov berish, rezina va ko’n poyabzal, to’qimachilik, metallsozlik va mashinasozlik korxonalari, mexanika ustaxonalari, kema verfi, avtomobil yiguv zavodi va boshqalar bor. Hunarmandchilik qadimdan rivojlangan. Jakarta — xalqaro dengiz va havo yo’llarining tuguni. Xalqaro Kemayoran aeroporti bor. Jakarta porti (Tanjungpriok avanporti) orqali chetga kauchuk, choy, kofe, xinin, shakarqand va boshqalar chiqariladi; chetdan ko’proq sanoat uskunalari keltiriladi. Me’moriy yodgorliklardan Penang darvozasi (1671), cherkov (1695), shahar boshqarmasi binosi (1710-12), 17— 18-asrlarda qurilgan binolar, kanal va ko’priklar va boshqalar saqlangan. Zamonaviy binolardan sport majmuasi (1956-62), Markaziy gospital (1962-63), Prezident saroyi (19-20-asrlar), Mustaqillik monumenti (1964) Jakartaning yangi qurilgan qismida joylashgan. Jakartada davlat universiteti, bir necha xususiy universitetlar, Milliy texnika instituti, Fanlar instituti, Madaniyat instituti, kutubxonalar, muzeylar, kartinalar galereyasi, teatrlar va boshqalar bor.