«ABDURAHMONBEGI»

«ABDURAHMONBEGI» — keng tarqalgan o’zbek mumtoz ashula yo’llari turkumi, Abdurahmonbek ijrochilik san’ati va ijodi bilan bog’liq. Buzruk maqomining Savti Sarvinoz sho’basiga ohangdosh. Uch qism (Saraxbor, Soqiynoma va Ufar usullari bilan ijro etiladigan asarlar) dan iborat. Hoji Abdulaziz Rasulov, Yunus Rajabiy «Abdurahmonbegi» yo’llarini mukammal o’zlashtirib, aynan shu uslub yo’nalishida kuylar yaratishgan. «Abdurahmonbegi»ning turli yo’llari «O’zbek xalq musiqasi» to’plamining 1-, 2 — va 4 — jildlarida nashr etilgan: «Abdurahmonbegi» va «Ufari Abdurahmonbegi» (Muqimiy g’azallari), «Abdurahmonbegi» (Muqimiy) va «Savti Abdurahmonbegi»(Furqat), «Abdurahmonbegi III». Bularga taqlidan yaratilgan ashula va cholg’u yo’llari ham ma’lum.