TOSHKENT DARVOZALARI

TOSHKENT DARVOZALARI — o’rta asrlarda shahar mudofaa devoriga o’rnatilgan darvozalar. T.D. tarixiy manbalarda Binkat darvozalaridan ma’lum. Ibn Havqalning yozishicha, Binkat Ark, Shahriston, ichki va tashqi raboddan iborat bo’lib, ularning har biri mudofaa devori bilan o’rab olingan. Arkning 2 darvozasi, shahristonning Abbos (Abul Abbos), Kesh (qasr) va Junayd (gunbaz) deb atalgan 3 ta darvozasi bo’lgan. Ichki rabodning Raboti Hamdeyn (xumdon), Ohanin (temir qoplangan), Mir (Amir), Farkon (Anhor bo’yi), Surkada, Karmanj, Ko’yi Saxl, Roshidizak, Ko’yi Xoqon, ko’shki dehqon deb atalgan 10 ta darvozasi, tashki rabodning esa Fag’kat (Parkat), Xaskat (Xushkat), Sandijak (Sangdizak), Ohanin, Bakrdizak, Sakrak, Sag’rbod (Bofaryad) deb atalgan 7 darvozasi bor edi. Shahar hududining kengayishi bilan shahar devori xam, u bo’ylab o’rnatilgan darvozalarning o’rni va nomlari ham o’zgarib turgan. Shahar yagona mudofaa devori bilan o’rab olinib, mustahkam istehkomga aylangan. Tarixchi Muhammad Solihnint yozishicha, 14-a. oxirida shaharning 12 darvozasi [Qiyot, Turk, O’zbek, Taxtapul, Qorasaroy, Chig’atoy, Su’boniyon (Sag’bon), Ko’kcha, Kamondaron, Qang’li, Beshog’och, Qatag’on] bo’lib, ularni qo’riqlash ma’lum bir qabila vakillariga topshirilgan, shu tufayli darvozalar qabila nomlari bilan atalgan. Abdullaxon P 1580 y. Toshkentni qamal qilganda shaharga 6 tarafdan hujum qilishga farmon bergan. «Abdullanoma» da shaharning Farkat, Shibli, Ko’kcha, Turkiston(yangi qurilgan), Samarqand, Registon kabi darvozalari bo’lganligi qayd etilgan. Keyingi asrlarda shahar mudofaa devori tashqi dushmanlar hujumlari ta’sirida vayrona holiga kelgan. Yunusxo’ja davrida qayta tiklangan. Qo’qon xonligi Toshkentni xonlikka qo’shib olgach (1810), lashkar qushbegi tomonidan shahar devori qayta ta’mirlanib, har er, har erda minoralar qurilgan, yangi darvozalar o’rnatilgan. Toshkent podsho Rossiyasi tomonidan bosib olingan vaqtda (1865), uning quyidagi 12 darvozasi bo’lgan: Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag’bon, Chig’atoy, Ko’kcha, Samarkand, Kamolon, Beshog’och, Qo’ymas, Qo’qon, Qashqar. Bundan tashqari, Qorasaroy darvozasidan sharqroqda bir otliq o’tishiga mo’ljallangan teshik qofqa (Darvishak qofqa) joylashgan bo’lib, u Darvishxon (16-a.) zamonida ochilib, darvoza o’rnatilgan; yana bir qofqa Beshog’och va Kamolon oraligida bo’lgan. Darvozalarni qo’riqlash darvozabonlarga topshirilgan, ular tongda darvozalarni ochib, qorong’i tushishi bilan yopib qo’yganlar. T.D.ning har birining alohida ramziy kaliti bo’lgan. 19-a.ning 70-90-y.larida shahar hududining kengayishi va T.D.ga ehtiyoj bo’lmagani sababli ular buzib tashlangan. Hoz.da T.D. joylashgan erlarni aniqlash va ramziy darvozalar o’rnatish bo’yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. Ad..Hofiz tanish alBuxoriy, Abdullanoma, 1 va 2j., T., 1999-2000; O’rinboev A., Bo’riev O., Toshkent Muhammad Solih tavsifida, T., 1983; Muhammadjonov A., Qadimgi Toshkent, T., 2002. Mashhura Sharipova.