Hinduiylik, hinduizm

Hinduiylik, hinduizm -dunyoda keng tarqalgan dinlardan biri. Hinduiylikga e’tiqod qiluvchilar asosan Hindistonda (95% ga yaqini) yashaydi, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri Lankada, shuningdek, Janubiy Afrikada, Janubiy- Sharqiy Osiyoda ham uchraydi. Hinduiylikka 780 million kishi e’tiqod qiladi (2003). Milodning 1-ming yilligida shakllangan. Hinduiylik Veda dini va Brahmanizm rivojlanishi va unga keyinchalik xalq e’tiqodi, urf-odatlari, marosimlari singib ketishi jarayonida paydo bo’lgan. O’rta asrlarda hukmron mafkuraga aylangan. Hinduiylikning asosida jonning yangi shaklga kirishi (sansara) haqidagi ta’limot yotadi. Unga ko’ra, kishi o’lgandan keyin joni (ruhi) yangi o’simlik, hayvon yoki inson tanasiga kirib oladi va qayta tug’iladi. Yangi ruhning qay darajada bo’lishi karma qonuniga, ya’ni kishining hayot davridagi xulq-atvori, xatti-harakatiga bog’liq. Hinduiylikning asosiy maqsadi — insonni mana shu qayta tug’ilish zanjiridan, azob-uqubatidan halos qilish, ya’ni mokshaga erishish. Hinduiylikdagi turli diniy-falsafiy ta’limotlar mokshaga erishishning yo’llari va vositalarini ishlab chiqdilar. Xususan, vedanta Hinduiylikka falsafiy asos bo’lib xizmat qildi. Hinduiylikka e’tiqod qiluvchilar qaysi kastaga mansubligiga qarab diniy rasm-rusumlarni bajarishda farqlanadi. Ular vafot etganlarida yerga ko’milmaydi, balki olovda kuydiriladi. Hinduiylikga ko’ra shunday qilinsa marhum poklanadi, gunohlari bu dunyoda qoladi. Olov u dunyoga gunohlardan xoli bo’lgan jonning o’zini olib ketadi. Bu dinning aqidalariga ko’ra, odamzot yaratilishidayoq ijtimoiy jihatdan tengsiz yaratilgan. Shuning uchun bu tengsizlikni Real hayotda tugatishning iloji yo’q. Chunki unga ta’sir etishga qodir bo’lgan kuchning o’zi yo’q. Hinduiylikda ajdodlar ruhiga topinish alohida o’rin tutadi. Vafot etgan ajdod Xudoga tenglashtiriladi. Ajdodlar ruhi bu dunyoda yashayotgan qarindosh-urug’larini qo’riqlaydi, ularning oilasi va hayotini muhofaza qiladi. Hinduiylikning muqaddas kitobi vedalar, “Mahobxarata” (ayniqsa uning “bahagavadgita” va “Ramayana” qismlari) va boshqalar. Hinduiylikda asosiy xudolar — Shiva, vishnu, Brahmaga sig’iniladi. Ularning ko’rinishi sifatida ko’plab mahalliy xudolar e’tirof etiladi. Hinduiylikda tog’lar, daryolar (xususan, Gang), o’simlik (masalan, Nilufar), hayvonlar (maymun, fil, ilon va ayniqsa, sigir) muqaddas sanaladi va ularga topiniladi. Turli g’ayritabiiy hodisalar ham sig’inish ob’yekti hisoblanadi. Diniy marosimlar ibodatxonalarda, uylardagi mehroblar yonida, muqaddas joylarda ado etiladi. Hozirgi Hinduiylik 2 oqim — vishnuizm va shivaizm shaklida mavjud.