Hiqildoq

Hiqildoq (Agupx) — nafas yo’lining burun bo’shlig’idan keying qismi bo’lib, ovoz hosil qilish vazifasini ham bajaradi. Hiqildoq havoning traxeyaga o’tishini ta’minlaydi va unga qattiq, suyuq moddalar tushishiga to’sqinlik qiladi. Havo burun bo’shlig’idan o’tganda isiydi, tozalanadi, namlanadi, avval halqumning burun-halqum qismiga, keyin og’iz qismiga va nihoyat, Hiqildoqqa yetib boradi. Lekin og’iz bilan nafas olganda ham havo og’iz bo’shlig’idan Hiqildoqqa yetib boradi, bunda havo isimaydi va tozalanmaydi, shuning uchun burundan nafas olish to’g’ri va foydali. Hiqildoq bo’yinning old tomonida joylashganidan Hiqildoq do’ngi ayniqsa ozg’in erkaklarda aniq ko’rinib turadi, uni kekirdak olmasi deyiladi. Odam gapirganda, yo’talganda, ashula aytganda Hiqildoq oson harakatlanadi. Hiqildoq tok, (uzuksimon, qalqonsimon) va juft (cho’michsimon, shoxsimon) tog’aylarning boylamlar, muskullar yordamida o’zaro birikishidan vujudga keladi. Hiqildoqda ovoz boylamlari joylashgan bo’lib, ular nafas olganda qattiq yoki sekin gapirganda muayyan holatni egallaydi, bunda ovoz yorig’i goh kengayib, goh torayadi. Hiqildoqning jinsiy farqi juda barvaqt ma’lum bo’ladi; 3-7 yashar qizlarning hiqildog’i shu yoshdagi o’g’il bolalarnikiga qaraganda kichik va kalta, bu farq ayniqsa balog’at yoshiga yetganda yaqqol ko’zga tashlanadi. Hiqildoqning shakli va tuzilishi ichki sekresiya bezlarining faoliyati ta’sirida o’zgaradi.