Hindixitoy g’o’zasi

Hindixitoy g’o’zasi, daraxt g’o’za (Oozaursht agogeit b) — madaniy g’o’za turi. Genomi A2, xromosomalar soni 2p=26. Hindixitoy g’o’zasining yovvoyi shakllari dekan (Hindiston yarim oroli)da tarqalgan. Asosan, Hindistonda, qisman Afg’oniston, Bangladesh, Pokiston, Birma, Vetnam, Xitoy, Koreya, Yaponiyada ekiladi. Hindixitoy g’o’zasi kichikroq daraxt yoki buta bo’lib, tuk (kamdan-kam tuksiz) va qora smolali bezchalar bilan qoplangan. Tuklari siyrak qavatlar hosil qiladi (birinchisi – kalta va qalin, ikkinchisi— uzun). Poyasi yashil, turli intensivlikda — to’q qizilgacha antosian rang oladi. Madaniy navlarining o’suv shoxlari sust rivojlanadi, hosil shoxlari uzunligi o’rtacha, 4-6 bo’g’imli. Barglari o’rtacha, qisman yoki juda kertikli, 3-5-7 bo’lmali (keng yoki tor nashtarsimon). Yonbarglari mayda, to’kilib ketadi. Gullari o’rtacha; gulbargi oq, och sariq, limonrang, pushti, qizil, asosida yirik antosian dog’lari bor, ba’zan tashqi tomoni qorayib ko’rinadi. Gul tashqarisida ko’pincha shira bezi bo’lmaydi, gul kosa ostidagi shira bezi qizil, uchburchak shaklida. Ko’saklari tuxumsimon, dumaloq, kalta uchli, 4-5, ba’zan 3 chanoqli. Bitta ko’sakdagi paxta vazni 2 grammdan 6 grammgacha. Har bir chanog’ida 3-8 ta chigit bor. Chigiti tuklari oq, yashil yoki qo’ng’ir. Tolasi oq, malla yoki qo’ng’ir, dag’al, kamdan-kam mayin. Hindixitoy g’o’zasi Hindiston, Bengaliya, birma, Nankin va boshqa bir qancha geografik xillarga bo’linadi. Hindixitoy g’o’zasining tropik shakllari fotodavr o’zgarishlariga juda ta’sirchan. Ko’pchilik shakllari bakteriozga chidamli, shira va o’rgimchakkana bilan kam zararlanadi. Hindixitoy g’o’zasi mustahkam, «junsimon» tolali g’o’za navlari yaratishda genetik fond bo’lib xizmat qiladi. Abdumavlon Abdullayev.