Omsk
Omsk — Rossiya Federatsiyasi Omsk viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Om daryosi Irtishga quyiladigan yerda. Yirik port va temir yo’l tuguni. Aeroport bor. Aholisi 1159,2 ming kishi (1998). Omsk aholisining soni va maydoni jihatdan Sibirda 2-o’rinda turadi (Novosibirskdan keyin). 7 shahar tumani bor. Mashinasozlik (qishloq xo’jalik mashinalari, elektr priborlari va boshqalar), neftni qayta ishlash va neft kimyosi (shina, texnik rezina, plastmassa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish), yengil, oziq-ovqat, yog’ochsozlik sanoat korxonalari bor. 4 teatr, tarixiy va adabiyot, tasviriy san’at muzeylari mavjud. 1716 yilda Sibirni egallash uchun tayanch punkti sifatida qurilgan. 1782 yilgacha Om ostrogi, 1782-97 yillarda va 1804 yildan shahar. Sibir kazak qo’shinlari (1808-1917), G’arbiy Sibir (1824-82) va cho’l General-gubernatorliklari (1882-1917) markazi.