Ondatra, mushk kalamush

Ondatra, mushk kalamush (Ondatra zibethicus) — dala sichqonlari oilasiga mansub kemiruvchi; urug’ning yagona turi. Gavdasi 35 santimetrgacha, dumi 28 santimetrgacha, vazni 1,5 kilogrammgacha. Quruqlik hamda suvda yashashga moslashgan, qishda muzlaydigan suv havzalarida yashaydi. Dumi yon tomondan yassilashgan, tangachali, tuksiz; orqa oyoqlaridagi suzgich pardasi to’liq rivojlanmagan. Yungi qalin, qoramtir qo’ng’irdan qora ranggacha, qisman suv yuqtiradi. Erkagining dumi asosidagi bir juft mushk bezlari urchish davrida hidli yog’simon oqish suyuqlik — mushk ajratadi. Vatani — Shimoliy Amerika, u yerdan Yevropa va Osiyoga, jumladan, O’zbekistonga keltirib iqlimlashtirilgan. Bahorda bolalaydi, yiliga 1-2 marta, Janubda 2-3 marta 5-8 tadan bola tug’adi. Suv havzalarining qirg’oqlarini kavlab yoki shox-shabbalardan uya quradi. Ovlanadi va ko’paytiriladi. O’zbekiston, Qozog’iston, Sibir va boshqa joylarda ondatrachilik xo’jaliklari tashkil etilgan.