Omsk viloyati

Omsk viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1934 yilda tashkil etilgan. G’arbiy Sibir iqtisodiy rayoniga kiradi. Maydoni 139,7 ming km2. Aholisi 2162,5 ming kishi (2000), asosan, ruslar (80,3%), shuningdek, nemis (6,3%), Ukrain (4,9%), qozoq (3,5%), tatar (2,3%) va boshqa millat vakillari (2,7%) ham yashaydi. Shahar aholisi 67,3%. Tarkibiga 32 ma’muriy tuman, 6 shahar, 24 shaharcha kiradi. Markazi — Omsk shahri. Boshqa yirik shaharlari — Isilko’l, Tara. Omsk viloyati G’arbiy Sibir tekisligida Irtish daryosi havzasida joylashgan. Yer yuzasi qiya-to’lqinsimon tekislik, balandligi 100-140 metr, Janubiy qismida qator tepa («Griva»)lar, shim. qismida keng botqoqliklar bor. Iqlimi kontinental, mo’tadil sovuq. Qishi davomli va qattiq yanv.ning o’rtacha temperaturasi -20°. Iyulniki 20°. Yillik yog’in 300-400 mm. Vegetatsiya davri 153-162 kun. Daryolari Irtish havzasiga mansub. Ko’l ko’p, Janubdagi ko’llar ko’pincha sho’r, shimolda — chuchuk. Ulardan eng yiriklari — ik, Tenis, Saltaim, Ebeyti. Tuproklari qora tuproq, podzol, o’tloq, kulrang o’rmon, chimli podzol. O’rmon va butazorlar viloyat hududining 1/4 qismini egallaydi. Qoraqarag’ay, oqqarag’ay, oq qayin, kedr, tog’terak o’sadi. Ayiq, bo’ri, tulki, quyon, ondatra, g’oz, o’rdak yashaydi, baliq turi ko’p. Sanoatining muhim tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (qishloq xo’jalik mashinasozligi, motorsozlik, priborsozlik, elektrotexnika va radioelektronika sanoatlari — «Polyot» ishlab chiqarish birlashmasi, «Omsk» motorsozlik korxonasi, «Sibkriotexnika» va boshqalar), neftni qayta ishlash, kimyo va neft kimyosi (sintetik kauchuk, texnik rezina mahsulotlari, plastmassalar, Omsk neftni qayta ishlash zavodi, «Omskkauchuk» aktsiyadorlik jamiyati, texnik uglerod zavodi; avtopokrishkalar — «Omskshina» va boshqa korxonalar). Yog’ochsozlik korxonalari ishlab turibdi. Yirik sanoat markazlari — Omsk, Kalachinsk, Isilko’l, Tara va boshqa shaharlar. Omsk viloyati Sibirning yirik qishloq xo’jalik rayonlaridan biri. G’alla, texnik (zig’ir) va ozuqa ekinlari, kartoshka va sabzavot ekiladi. Sut-go’sht chorvachiligi rivojlangan. Mo’ynali hayvonlar (Olmaxon, ondatra va boshqalar) ovlanadi, darrandachilik bilan shug’ullaniladi. Irtish daryosida kema qatnaydi. Nijnevartovsk — Ust-Balik—Omsk neft quvuri o’tkazilgan. Avtoyo’llar zichligi 53 km/ming km2. 9 oliy o’quv yurti, 2 muzey, 4 teatr, filarmoniya bor.