Optik pech
Optik pech — biron bir energiya manbai (masalan, Quyosh, kuchli lampochka) ning nur energiyasini qaytargichlar vositasida to’plab, kichikroq (odatda 1 — 30 millimetr, yirik pechlarda 350 millimetrgacha) sirtga fokuslash orqali yuqori (1000-5000°) temperatura hosil qiladigan qurilma. Nur energiyasi manbaiga ko’ra, quyosh pechlari (gelioqurilma), sun’iy energiya manbalari (lampochkalar, grafit qizdirgichlar, yoy lampalar, ksenon lampalar, plazmaviy nurlatgichlar)dan foydalaniladigan xillarga bo’linadi. Optik pech tarkibiga nur tarqatish manbai, nur qaytarish qurilmasi, nur oqimini rostlash qurilmasi va ish kamerasi kiradi. Optik pech materiallarning fizik-kimyoviy xossalarini tadqiq qilishda, qiyin eriydigan materiallarni suyuqlantirish, payvandlash va kavsharlashda, monokristallarni o’stirishda, rangli metallarni aralashmalardan tozalash (rafinatsiyalash) va boshqa maqsadlarda keng qo’llaniladi.