Optik aloqa

Optik aloqa — optik diapazondagi (odatda, 10’3 -10’5 Gts) elektromagnit tebranish (masalan, lazer)lar yordamida bog’lanadigan aloqa. Optik aloqa liniyalari tuzilishi jihatidan radioaloqa liniyalariga o’xshaydi. Nurlanishni modulyasiyalash uchun ta’minlash manbaiga yoki generatorning optik rezonatoriga ta’sir qilib, generasiya jarayoni boshqariladi yoki chiqish nurlanishini ma’lum qonun bo’yicha o’zgartiradigan qo’shimcha tashqi qurilmadan foydalaniladi. Chiqish optik uzeli yordamida nurlanish kam sochiluvchi nurga aylanadi va kirish optik uzeliga boradi; bu uzel uni foto o’zgartirgichning faol sirtiga fokuslaydi. Foto o’zgartirgichdan chiqqan elektr signallar informatsiyalarni ishlash uzeliga keladi. Signallarni qabul qilishning 2 usuli — to’g’ri detektorlash va geterodin qabul usullari bor. Ta’sir doirasiga ko’ra, Optik aloqa quyidagi asosiy turlarga bo’linadi: ta’sir doirasi kichik bo’lgan ochiq yer usti tizimlari (yer sirti atmosfera qatlamlaridan o’tuvchi nurlardan foydalanadi); berk yorug’lik kanallaridan foydalanuvchi yer usti tizimlari (shaharlararo aloqa bog’lash, ATS, EHM orasida aloqa bog’lash uchun); yaqin kosmik aloqa liniyalari; uzoq kosmik aloqa liniyalari. Ochiq Optik aloqa liniyalari yer bilan Kosmos orasida aloqa bog’lash vositasi sifatida juda muhim. Masalan, lazer nuri yordamida 10s kilometr masofaga sekundiga 10s bit tezlik bilan informatsiya uzatish mumkin (bunday masofaga mikroto’lqin texnikasi bilan sekundiga faqat 10 bit tezlik bilan uzatiladi). Yarim-o’tkazgichli diod nurlatgichlar, yorug’lik tolali kabellar va yarimo’tkazgichli qabul qilgichlardan foydalanib, bir-biridan 10 kilometrgacha masofada minglarcha telefon kanallari bo’lgan aloqa magistrallari qurish mumkin. Optik aloqa sistemasi magistral va ichki aloqaning asosiy turlaridan biri hisoblanadi.