Oltin, tug’ma sof oltin
Oltin, tug’ma sof oltin — tug’ma elementlar guruhiga mansub mineral. Oltin tabiatda ko’pincha erkin hodda uchraydi, tabiiy birikmalari juda oz, ulardan eng muximi kalaverit (Aite2). Kristallari kub singoniyali, koordinasion strukturali, asosan, kichik o’lchovli (0-1,0 mm) kristallari uchraydi, ba’zan 3 santimetrgacha bo’lgan kristallari ham bor. Konlarda, asosan, 0,01—4,0 mm zarrachali Oltin bo’ladi, kattaroq to’plamlari (1-5 gramm va undan ko’p) ham uchratiladi. Jahonda topilgan eng katta Oltin to’plamlari ma’lum: “Xolterman plitasi” deb nom berilgani (93,3 kilogramm) Avstraliyada, “katta uchburchak” (36,04 kilogramm) va “Tielgin” (14 kilogramm) Rossiyada va boshqalar. Asosan, Oltin mayda zarralar holida kvarsga va ba’zan, xar xil sulfidli rudalarga, Oltin zarralari esa ko’pincha qumga aralashgan bo’ladi. O’zbekiston, Qozog’iston, Rossiya (Ural, Sibir), Afrika, Avstraliya, AQSh (Kaliforniya), Kanadada Oltin konlari bor. G’arbiy O’zbekistonda Oltin makkajo’xori doni va popugida (2-4 g/t) va Qizilqumda shuvoq o’simligida borligi aniqlangan. Oltinning sofligi (probasi) o’zgaruvchan bo’lib, ko’pincha uchraydiganlari quyidagi qatorni: 930-900, 820— 780, 650-600 ni tashkil etadi, juda kam uchraydigan probasi 550. Odatda, Oltinning tarkibida Ag, Cu, Fe, Mn, Pb, kam miqdorda Bi, Sb, Hg, Te, Se, Pt, In va boshqa qo’shimchalar bo’ladi. Oltinning zichligi g’ovakligiga bog’liq bo’lib, 15600 kg/m3 dan 19200 kg/m3 gacha o’zgaradi, qattiqligi 2-3. Tarkibidagi Hg aralashmasi Oltinni yumshatsa, Pt, Sn, Si qo’shimchalari qattiqligini oshiradi. Oltin tabiatda keng tarqalgan bo’lib, otqindi, effuziv, metamorfik, cho’kindi tog’jinslarida uchratiladi va oltin rudalari konlarini gidrotermal jarayonlar natijasida paydo bo’lishida ishtirok etadi. Oltinning suvda eruvchan birikmalari (xloridlari, gidro-sulfidlari va boshqalar) Yer po’stining pastki gorizontlari yoki yuqori mantiyadan gidrotermalar bilan olib chiqilib, kvars tomirlarining avval shakllangan yoriqlarida Fe, Cu, Pb, Zn, Bi, As, Sb, Ag sulfidlari va shu elementlarning telluridlari bilan birgalikda kristallanadi. Mis kolchedani va qo’rg’oshin-rux sulfid konlari shakllanishida Oltin ishtirok etib, ularning orasida yupqa dispersli donachalar hosil qiladi. Xuddi shu tarzda magmatik genezisli mis-nikelli sulfid rudalarda ham Oltinning qo’shimchalari paydo bo’ladi. Gipergenez zonalarda Oltin qisman qayta cho’kib, sulfid ruda tanalarini yuqori qismini qo’shimcha boyitadi. Ruda tanalarining keyinchalik yemirilishi bilan yuzada joylashgan Oltin avval birga bog’lanib turgan agregatlardan ajralib va suv oqimlari bilan chiqarilib to’planganda sochma Oltin konlarini hosil qiladi. Bu jarayon mobaynida Oltin zarrachalari silliqlanadi, elektrokimyoviy korroziya natijasida ularning yuzasidagi Ag yemirilishi bilan Oltinning probasi oshadigan qatlam hosil bo’ladi. Oltin oltin rudali konlarni hosil qiluvchi asosiy mineraldir.