Oltintepa

Oltintepa — o’rta asr shahar xarobasi (5-13-asrlar). Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi Qorabog’ qishlog’i yaqinida joylashgan. Oltintepa dastlab ToshDUning arxeologik ekspedisiyasi tomonidan tekshirilgan (1966). 1964 yildan muntazam arxeologik tadqiqotlar olib borilgan. Shahar 2 qismdan: Hisor rolini o’ynagan Markaziy qism (2,5 ga dan ortiq) va raboddan iborat. Oltintepadagi markaziy tepalikning hajmi 160×160 metr, balandligi 13 metrga yaqinni tashkil qiladi. Oltintepaning umumiy maydoni 40 gektar bo’lgan. Dastlab Oltintepa o’rnida 5-6-asrlarda kichik qishloq yoxud alohida turgan inshoot joylashgan; u 7-8-asrlarda kengaygan. Asosiy tepalik mudofaa devori bilan o’rab olingan, qishloqni shaharga aylanish jarayoni kechgan. 10-asrda shahar nihoyatda katta bo’lgan, hunarmandchilik rivojlangan. 13-asr boshida mo’g’ullar istilosi natijasida vayron bo’lib, 13-asrning 30-yillarida shahar hayoti qayta jonlangan. Oltintepadan ko’plab sirlangan, turli xildagi naqshlar, yozuvlar bilan bezatilgan spool idishlar (ko’za, xum, lagan va boshqalar), tangalar, o’yma naqsh tushirilgan terrakota parchalari, o’g’irlar, jez ko’zgu, kuldon, xaykalchalar va boshqalar topilgan. Ad.: Lunina SB., Goroda Yujnogo Sogda v VIII—XII vv., T., 1984.