Oltintosh

Oltintosh, Oltuntosh al-Hojib (asl ismi Abu Sa’id) (? — 1032) — turk g’ulomlaridan, keyinchalik g’aznaviylardan Sabuktegin va uning 2 vorisining lashkarboshisi. Sabuktegin davridayoq u hukmdor gvardiyasidagi eng yuqori martaba — «ulug’qojib» unvoniga ega bo’lgan; Mahmud G’aznaviy davrida qoraxoniylar bilan bo’lgan katta jangda (1008 yil 1 yanvar) Oltintosh qo’shinning o’ng qanotiga qo’mondonlik qilgan; 1000-11 yillar u Hirot noibi sifatida manbalarda qayd etilgan. Xorazm zabt etilgach (1017), Oltintosh Xorazmshoh unvoni bilan ushbu viloyatga noib etib tayinlangan, u bu lavozimni vafot etguniga qadar egallab turgan. Oltintosh chegara viloyati bo’lgan Xorazmni ehtiyotkorona idora etgan va o’zini qo’shni turkiy qabilalardan muvaffaqiyatli suratda mudofaa qilgan, bu bilan u Xorazmdagi o’z hokimiyatini yanada mustahkamlagan. Mahmud va Mas’ud G’aznaviylar Oltintoshning bu harakatlariga shubha bilan qarashgan, ular hiyla bilan Oltintoshni daf etish yo’liga o’tishgan. 1032 yil bahorida Oltintosh Sulton Mas’ud topshirig’iga ko’ra, Alitegita qarshi otlangan va Dabusiya yaqinidagi jangda og’ir jarohatlanib vafot etgan. Noiblik uning o’g’li Horunga topshirilgan, Xorazmshoh unvoni mas’udning o’g’li Sa’idga berilgan, Horun mamlakatni faqat Shahzodaning vakili sifatidagina boshqara olishi mumkin bo’lgan. Biroq 1034 yil avgustda Horun o’zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo kelasi yili G’aznaviylar ko’rsatmasiga ko’ra, o’ldirilgan; uning birodari va vorisi Ismoil xandon Xorazmni 1041 yilgacha idora qilgan, so’ngra G’aznaviylar topshirig’iga ko’ra, Jand hokimi Shoh Malik tomonidan quvib yuborilgan. Shu bilan Oltintosh tomonidan asos solingan sulola barham topgan.