Qosimjonov Rustam Mashruqovich
Qosimjonov Rustam Mashruqovich (1979.5.12, Toshkent) — shaxmatchi, xalqaro grossmeyster (1997), 17-jahon chempioni (2004). “O’zbekiston iftixori” (2000). Qosimjonov 5 yoshida shaxmat o’ynashni o’rgandi. Aleksandr Grushevskiy murabbiyligida ilk muvaffaqiyatga erishdi — O’zbekiston yoshlar birinchiligida g’alaba qozondi (1990). Sergey Pinchuk murabbiyligida o’smirlar o’rtasidagi Osiyo birinchiligida oltin (1994, Doxa), jahon birinchiliklarida bronza medallarini qo’lga kiritdi (1994, Seged; 1995, Guarpuova). O’zbekiston (1997, 2000) va Osiyo (1998, Tehron) chempioni bo’ldi, yoshlar o’rtasidagi jahon birinchiligi (1999, Yerevan) va kuchlilar o’rtasidagi jahon kubogi (2002, Haydarobod)da kumush medal bilan sharaflandi. Qosimjonov 1996 yildan O’zbekiston terma jamoasi a’zosi, jamoa tarkibida Osiyo chempioni (1999, Shenyan), 32-36-jahon shaxmat olimpiadalari qatnashchisi (1996, Yerevan; 1998, Elista; 2000, Istanbul; 2002, Bled; 2004, Kalvia). Istanbul shaxmat olimpiadasida 1-taxtada ko’rsatgan natijasi uchun kichik bronza medali bilan taqdirlangan. Qosimjonov 1999, 2001 va 2002 yillarda bo’lgan shaxsiy jahon chempionatlarida ishtirok etdi. 2004 yil 18 iyun — 13 iyulda Tripoli shahri (Liviya)da o’tkazilgan jahon chempionati bosqich o’yinlarida A.Ramiris (Kosta-Rika; hisob — 1,5:0,5), G.Magati (Eron; 1,5:0,5), V. Ivanchuk (Ukraina; 2,5:1,5), Z.Almashi (Vengriya; 2:0), A.Grishchuk (Rossiya; 3:1), V.Topalov (Bolgariya; 4:2) va M.Adams (Buyuk Britaniya; 4,5:3,5)ni mag’lubiyatga uchratib, Qosimjonov FIDE tasnifi bo’yicha jahon chempioni bo’ldi. 2004 y. O’zbekistonda “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb tan olindi. O’zbekiston milliy universitetining kompyuter texnologiyasi fakulteti bakalavriatini tugatgan (1999), Zolingen shahrining “Zolingen” (1999-2004), Bonn shahrining “Bad-Godesberg” (2004 yildan) shaxmat klubi tarkibida Germaniya Bundesligasi o’yinlarida qatnashadi. Amir Temur ordeni (2004) bilan mukofotlangan. Ad. Mo’minov A., Sening yulduzlaring, Vatan, T., 2002.