Qiziltepa tumani
Qiziltepa tumani Navoiy viloyatidagi tuman. 1935 yil 9 Fevralda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda G’ijduvon tumaniga qo’shilgan. 1970 yil 7 dekabrda qaytadan tashkil etilgan. Shimoldan Konimex, Navbahor tumanlari, shimoli sharqdan Karmana tumani, sharqdan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, Janubdan Buxoro viloyatining Kogon tumani, g’arbdan Buxoro, Vobkent va G’ijduvon tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,2 ming km2. Aholisi 112,4 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Qiziltepa), 8 qishloq fuqarolar yig’ini (Arabon, Bo’ston, Vang’ozi, Gardiyon, Zarmitan, Oqoltin, Xo’jahasan, Yangihayot) bor. Markazi — Qiziltepa shahri Tabiati. Tuman hududi Zarafshon vodiysining Janubi g’arbidagi kambar tekislikda. Qiziltepa va Oftobachi platolari orasida, Hazora darasi bo’ylab ketgan zarafshon daryosining ikki qirg’oq havzasi, Shohrud va Abu Muslim shohariqlari orasidagi hududlarda joylashgan. Shimoldan tuman hududiga Qizilqumning kichik bir qismi kirib kelgan. Voha Zarafshonning chap sohili bo’ylab Malikcho’l, Qiziltepa, Quyimozor adirlari, Janubdan Qarnob cho’li bilan tutashgan. G’arbdan voha Shohrud kanali o’zani bilan chegaralangan. Tumanning shimol chegarasi bo’ylab Zarafshon daryosi oqib o’tadi. To’dako’l, Quyimozor suv omborlari, suv to’g’oni qurilgan, Amu — Buxoro kanali (Qiziltepa va Quyimozor nasos stansiyalari) tuman hududi orqali o’tgan. Tuman hududining Malikcho’l, O’rtacho’l, shim.dan Qizilqum cho’llariga tutashligi iqlimga katta ta’sir ko’rsatadi, yozi jazirama issiq bo’lib, tez-tez garmsel esadi; qishi ancha ayoz. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi 0,4°, eng past temperatura — 24°. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 28,3°, eng yuqori temperatura 44°. Yiliga o’rta tushadi. Vegetatsiya davri 212 kun. Tuproqlari och bo’z, o’tloqi bo’z, qumoq bo’z tuproqlardan iborat. Yovvoyi o’simliklardan qamish, ro’vak, bug’doyiq, sho’rajriq, kampirsoch, itgunafsha, suvrang, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, quyon, chiyabo’ri, jayran va jayra uchraydi; qushlardan so’fito’rg’ay, chumchuq, chug’urchiq, zarg’aldoq, to’qayzorlarda qirg’ovul, loyxo’rak, o’rdak va boshqalar; sudralib yuruvchilardan gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan ko’rsichqon, kichik qo’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, kala- mush va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, qozoq, tatar, ukrain, arman va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 51,9 kishi. Shahar aholisi 12 ming kishi, qishloq aholisi 100,4 ming kishi. Xo’jaligi. Paxta tozalash, un, g’isht zavodlari, neft mahsulotlari saqlash korxonasi, parrandachilik fabrikasi, qurilish tashkilotlari, mahalliy sanoat, aloqa va transport korxonalari ishlab turibdi. 3 qo’shma, 55 kichik, 1500 dan ortiq savdo va maishiy xizmat qo’rsatish shoxobchalari mavjud. Qishloq xo’jalikning yetakchi tarmog’i — paxtachilik va g’allachilik, shuningdek, chorvachilik ham rivojlangan. 13 shirkat, 663 fermer xo’jaligi bor. Sug’oriladigan yerlar 32,5 ming gektarni tashkil etadi. Shu jumladan, 9,3 ming gektardan ziyod yerga paxta, 9,8 ming gektarga yaqin yerga g’alla, 107 gekta yerga sabzavot va poliz ekinlari, 15 gektar yerga kartoshka, 230 gektar yerga beda ekiladi. 625 gektar yer bog’lardan iborat. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 52,5 ming qoramol, 78,3 ming qo’y va echki, 193,9 ming paranda, shuningdek, yilqi ham boqiladi. Tumandagi 38 umumiy ta’lim maktabida 29 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi (2004). 2 litsey, internat maktabi, musiqa va san’at maktabi, 4 kasb-hunar kolleji bor. 44 kutubxona, 8 klub, 3 madaniyat uyi, 2 madaniyat va istirohat bog’i, muzey faoliyat ko’rsatadi. 3 stadion va boshqalar sport inshootlari mavjud. 2 kasalxona, 2 poliklinika, 3 ambulatoriya, 31 qishloq vrachlik punkti, 8 feldsherakusherlik punkti, 39 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Bu tibbiy muassasalarda 77 vrach va 320 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududidagi qishloqlarda hunarmandchilik qadimiy dan rivojlangan. Kulolchilik buyumlari, bo’yra va hokazolar tayyorlanadi. Qiziltepa tumani hududidan katta O’zbekiston trakti o’tgan. Qiziltepa — Navoiy yo’nalishida, shuningdek, G’ijduvon, Shofirkon. Vobkent shaharlariga avtobus va marshruii taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Me’moriy yodgorliklardan Toshmasjid majmuasi (16-asr), Xoja Boyazid Bistomiy maqbarasi va boshqalar bor. Tarixchi olim Mirzo Abdulazim Somiy Bo’stoniy (19-asr), ulamo Xoja Hasan Andoqiylar (11 —12-asrlar) shu tuman hududida tug’ilgan. 1971 yildan “Qiziltepa tongi” tuman gazeta nashr qilinadi (adadi 8000). Qahramon Rajabov.