Qiziriq tumani

Qiziriq tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1975 yil 6 martda tashkil etilgan. G’arbdan Sherobod, Janubdan Angor, shimoldan Bandixon, sharqdan Jarqo’rg’on, shimol-sharqdan Qumqo’rg’on, shimoli-g’arbda Muzrabot tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,33 ming km2. Aholisi 78 ming kishi (2004). Tarkibida 1 shaharcha (sariq), 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’ston, Mehnatobod, Paxtakor, Yangiyo’l, Yangihayot) bor. Markazi — Sariq shaharchasi. Tabiati. Relefi tekislik, adir va tog’oldi qismlaridan iborat. Foydali qazilmalardan osh tuzi, oltingugurt, yonuvchi slanes, qurilish materiallari konlari bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 18°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi tekislik, cho’l va adirlarda 3,6°, tog’larda -6°, eng past temperatura -20°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 32,1°, eng yuqori temperatura 48°. Yillik yog’in 150 mm. Vegetatsiya davri 260 kun. Tekislikda och va to’q bo’z, adirlarda arid, tog’larda sur tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan archa, mavrak, kiyiko’t, tog’rayhon, kovrak, shuvoq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, jayra, ko’rsichqon; to’qayzorlarda to’qay mushugi, qobon, chiyabo’ri; qushlardan: kaklik, mayna, qaldirg’och, so’fito’rg’ay, chil, g’oz, o’rdak; sudralib yuruvchilardan o’qilon, gekkon, ko’zoynakli ilon va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, turkman, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 236,4 kishi. Shahar aholisi 9,3 ming kishi, qishloq aholisi 68,7 ming kishi (2004). Xo’jaligida qishloq xo’jalik sohalari — paxtachilik, g’allachilik yetakchilik qiladi, shuningdek, chorvachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik, tokchilik ham rivojlangan. Tumanda paxtaning, asosan, ingichka tolali navlari ekiladi. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, dehqon bozori, MTP, don kombinati, vino tayyorlash korxonasi, tajriba xo’jaligi bor. Kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Shirkat, dehqon, fermer xo’jaliklari mavjud. Sug’oriladigan maydonlarga paxta, don, poliz, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. 44 umumiy ta’lim maktabi (18 mingdan ziyod o’quvchi), bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar kollejlari bor. Tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, 7 klub muassasasi, 8 ashula va raqs xalq dastasi, shu jumladan, «Qo’ng’irot» folklor-etnografik, estrada vokal-cholg’u dastalari faoliyat ko’rsatadi. Stadion, sport maydonchalari, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, 2 poliklinika, 50 ga yaqin feldsher-akusherlik punkti, 7 vrachlik ambulatoriyasi, 7 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 115 vrach, 436 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududidan Toshkent — Dushanba xalqaro avtomobil magistrali o’tadi. Shuningdek, bir necha yo’nalishda avtomobil yo’llari o’tgan. Tuman Markazidan Termizga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Jovli Tursunov, Mashhura Ro’ziyeva.