Qo’biz, qil qo’biz, qobuz

Qo’biz, qil qo’biz, qobuz — 1) torli musiqa cholgusi. O’rta asr (Mahmud Qoshg’ariy, Navoiy, Bobur, Darvishali Changiy va boshqalar) manbalarida Qo’biz turkiy xalqlarning eng sevimli torli-tirnama musiqa cholg’usi sifatida ta’riflangan. Bu shakldagi Qo’biz (hoz. do’mbirata yaqin) qirg’izlarda qo’muz, xakaslarda xomis nomi bilan saqlangan. O’zbek, qozoq, qoraqalpoqlarda Qo’biz — torlikamonli cholg’u sifatida mashhur. Umumiy uzunligi 700 millimetr atrofida. O’yma kosasi (rezonatori) va yoysimon bukilgan yo’g’on dastasi bir butun yog’ochdan yasaladi. Kosasining uzunchoq pastki qismi teri bilan qoplanadi. Otning chiyratilmagan qilidan yasalgan 2 tori kvarta (ba’zan kvinta)ga sozlanadi. Yoysimon kamon (600-700 millimetr atrofida) qillari barmoqlar yordamida taranglashtiriladi. Rivoyatlarga ko’ra, ilk Qo’bizni afsonaviy Qo’rqut (o’g’uz Baxshilarining piri) yasagan. Qoraqalpoq (18-asrga qadar qozoq) jirovlarida, shuningdek, baxshi-shomonlarda Qo’biz asosiy cholg’u hisoblangan. Mayin, nolalarga boy tovushga ega Qo’biz. O’zbekistonda 1930-yillargacha Buxoroda maqom ansambllari tarkibida bo’lgan. 1940-50-yillarda Qo’bizning rekonstruktsiya qilingan (prima, Alt, bas va boshqalar) turlari xalq cholg’ulari orkestri tarkibiga kiritilgan; 2) turkman, tatar, boshqirdlarda temir changqo’biz nomi. Qalmirza Qurbonov.