Qarnob cho’li

Qarnob cho’li — Zarafshon daryosi o’rta oqimining chap sohilidagi to’lqinsimon tekislik. Samarqand va Navoiy viloyatlari hududlarida. G’arbdan sharqqa 120 kilometrga cho’zilgan. O’rtacha eni 40-50 kilometr. O’rtacha balandligi 300 metr (Markaziy qismida 350 metr, Sharqiy qismida 450 metr). Yer yuzasi tekislik. Janubiy sharqdan shimoli g’arbga bir necha qator tepalar cho’zilgan. Ular bir biridan quruq soylar bilan ajralgan. Qator tepalar shimolda Ziyovuddin va Zirabuloq tog’lariga tutashadi. Cho’l G’arb tomon pasayib Toshloqqum va Uchqum cho’llariga qo’shilib ketadi. Iqlimi quruq va keskin kontinental. O’rtacha yillik temperatura 16°. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi -15°, -20°. Iyul oyida 40-45° ga yetadi. Yillik yog’in o’rtacha 165 mm. Qarnob cho’lida och tusli bo’z, bo’zqo’ng’ir tusli taqir, sho’rxok, qum va qumoq tuproqlar keng tarqalgan. O’simliklardan qumli va qumoq erlarda shuvoq, selin, oq saksovul kabi galofitlar o’sadi, taqirlarda siyrak sho’ralar uchraydi. Bahorda cho’lni efemerlar qoplab oladi. Qarnob cho’lidan yil davomida Qorako’l qo’ylarni boqish uchun yaylov sifatida foydalaniladi. Tabiiy yaylovlarda pichanning o’rtacha hosildorligini oshirish uchun 10,5 ming gektar maydonda saksovulzordan iborat sun’iy yaylovlar vujudga kelgan.