Qarmatlar

Qarmatlar — ismoiliylar asosiy shoxobchalaridan birining tarafdorlari. Qarmatlar harakati 9-asr oxirida Iroq janubida vujudga kelgan. Suriya va Yamanga tarqalgan dehqonlar, ko’chmanchi badaviylar va hunarmandlardan tashkil topgan. Harakat o’z nomini uning rahbari va tashkilotchisi Hamdon ibn alash’asning laqabi Qarmat (yohud Qarmatiya)dan olgan. Uning ma’nosi manbalarda turlicha («kalta oyoq», «qizil ko’z» va boshqalar) izohlangan. Biroq Hamdongacha ham Qarmatiya nomi bor edi, binobarin Hamdon o’z laqabini o’sha davrda mavjud bo’lgan shialikning biron bir tashkiloti nomidan olgan deb hisoblash mumkin. Qarmatlar abbosiylar xalifaligiga qarshi qo’zg’olonlarga boshchilik qilgan. Qarmatlar yerga jamoa egaligini, umumiy (qullardan tashqari) tenglik g’oyalarini targ’ib etishgan. Ular Islom marosimlarini bajarmagan, shariat qoidalarini tan olmagan, ularda masjidlar bo’lmagan. Qarmatlar musulmonlarning ziyoratgohlari (masalan, Ka’ba va u yerdagi qora tosh — Hajar alasvad)ni bid’at deb hisoblaganlar. 899 yil Qarmatlar Bahraynni bosib olib, Alaqsoda (Sharqiy Arabiston) o’z davlatini tuzgan, bu davlat 11- asr oxirigacha mavjud bo’lgan. 930 yil haj vaqtida Qarmatlar Makkaga hujum qilib, uni talon-toroj etishgan, hajga borganlarning ko’pini o’ldirishgan, bir qismini qul qilishgan, u yerdagi qora toshni o’lja qilib olib ketishgan (20 yildan so’ng qaytib berishgan). Bu hol keng xalq ommasini Qarmatlardan chetlashtirdi. 11-asr oxiri — 12-asr boshlarida Iroq va Eronda ularga qarshi shiddatli kurash boshlangan va Qarmatlar harakati bostirilgan. Keyinchalik Qarmatlar ismoiliylarning boshqa oqimlariga qo’shilib, yo’qolib ketgan.