Qitir pashshalar
Qitir pashshalar, qitirlar — qisqa mo’ylovli ikki qanotlilar oilasi. Bu oiladan Pale-Arktikadagi eng yirik pashsha — ulkan qitirning uzunligi 50 millimetrga yetadi. 5500 dan ortiq turi bor. O’zbekistonda 300 ga yaqin turi tarqalgan; asosan, dasht va cho’l mintaqalarida uchraydi. Voyaga yetgan Qitir pashshalar faol hayot kechiradigan hasharotlar. Hasharotlar, o’rgimchaklar, kanalar bilan oziqlanadi. Uljasini, asosan, havoda tutadi. Qurtlari ham yirtqich; 2-3 yilda rivojlanadi. Qitir pashshalar zararkunanda hasharotlar: qo’ng’izlar, chigirtkalar va boshqa sonini cheklab turadi; ba’zan asalarilarni tutib yeb, ziyon keltiradi.