Qiymat

Qiymat — 1) tovar narxi; 2) pulning xarid qobiliyati, muayyan bozor narxlari darajasida pul birligi hisobiga sotib olish mumkin bo’lgan tovarlar va xizmatlar miqdori; 3) ingliz klassik siyosiy iqtisodi (A.Smit, L.Rikardo), shuningdek, marksizm (K. Marks)ning iqtisodiy kategoriyasi, tovar ishlab chiqaruvchilarning tovarda gavdalangan va unda moddiylashgan ijtimoiy mehnati. Qiymatning mehnat nazariyasiga ko’ra, Qiymat tovar ishlab chiqarish negizini tashkil etadi, kapital harakati va rivojlanishining jami qonunlarini belgilab beradi. Qiymat nazariyasi uch elementni o’z ichiga oladi: a) Qiymat asosida ijtimoiy mehnat turadi; b) Qiymat me’yorini zaruriy mehnat sarflari tashkil etadi; v) ayirboshlash Qiymat asosida yuz beradi. Tovar qiymatining me’yori uni ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan ijtimoiy zaruriy mehnat miqdori bilan belgilanadi, ijtimoiy normal sharoitda mamlakat bo’yicha o’rtacha mehnat mahorati va intensivligi darajasida tovar ishlab chiqarish uchun ketadigan ijtimoiy zaruriy ish vaqti bilan o’lchanadi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti ishlab chiqarishning mavjud ijtimoiy me’yordagi sharoitida va shu jamiyatda mehnat mahorati va jadalligining o’rtacha darajasida biron iste’mol qiymatini yaratish uchun talab qilinadigan ish vaqtidir. Tovar qiymati meyori uni tayyorlashga ketgan mehnat miqdoriga to’g’ri proportsional, mehnat unumdorligiga esa teskari proportsionaldir. Bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan narxlarning tarkib topishi takomillashib, ular borgan sari tovarga sarflangan ijtimoiy zaruriy mehnat xarajatlariga yaqinlashadi. Lekin ular o’rtasidagi farq ayrim tovar turlariga nisbatan talab va taklif, bozor kon’yukturasini hisobga olgan holda saqlanib qoladi. Aralash iqtisodiyot sharoitlarida (20-asr) iqtisodiy nazariyalarda naflilik tobora muhim ahamiyat kasb etdi, bu esa hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning klassik kapitalizmga nisbatan tubdan farq qilishini ko’rsatadi.