Neptunizm
Neptunizm (lotincha Neptunus — Rim mifologiyasidagi dengiz va suv Xudosi Neptun nomidan) — geologiya fanida 18-asr oxiri va 19-asr boshida keng o’rin olgan kontsepsiya. Bunga ko’ra, barcha tog’ jinslari (jumladan, otqindi jinslar ham) yer yuzini butunlay qoplagan dastlabki dunyo okeani suvida va butun olam to’foni suvida cho’kishi natijasida paydo bo’lgan degan tasavvur hukmron edi. Neptunizm asoschisi — nemis olimi A. G. Verner. Bu kontsepsiya geologiya fan sifatida shakllanayotgan, lekin to’fon (olamni suv bosishi) haqidagi rivoyat ta’siridagi vaqtda vujudga kelgan. Neptunizmning eng tanilgan tarafdorlari (Germaniyada — A. G. Verner, Frantsiyada — A. Delyuk, Bukj Britaniyada — R. Kirvan) Plutonistlarning intruziv tog’ jinslari magmaning sovib krtishidan paydo bo’ladi, degan to’g’ri fikrlarini inkor etdilar. Ular tog’ jinslarining bir joyda qatlamlanib yotish tarkibini barcha materiklarga ham xos deb tushuntirishdi. Tog’ jinslarini 2 guruhga bo’lishdi: “dastlab vujudga kelgan” dunyo okeani suvida kimyoviy kristallanish yo’li bilan vujudga kelgan jinslar (granit, gneyslar, kristalli slaneslar va boshqa otqindi va metamorfik jinslar) va ular ustida yotuvchi “flesli” yoki qatlamli jinslar (ohaktosh, toshko’mir, gips, tosh tuzi va boshqalar). Bu jinslar neptunistlar tomonidan to’fon davridagi “mexanik” yotqiziqlar deb qaraldi. Tektonik harakatlar tan olinmadi. Vulkan jinslari yer po’stida oz tarqalgan va ular yer po’stida ko’mirning yonishidan hosil bo’ladi deb qaraldi. 19-asrning 20-yillaridan otqindi jinslarning magmadan vulkan otilishi yo’li bilan kelib chiqishi to’g’risidagi ta’limotni ko’pchilik e’tirof etgandan keyin Neptunizm o’z ahamiyatini yo’qotdi.