Xiva
Xiva — Xorazm viloyatidagi shahar. Xiva tumani markazi. O’zbekistonning shimoli g’arbida, viloyatning Janubida, Amudaryoning chap sohilida, daryodan 40 kilometr Janubda, 91 metr balandlikda joylashgan. Shahar yonidan Polvonyop (qadimgi Xeykaniq) kanali o’tgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Urganch (30 kilometr). Maydoni 0,08 ming kilometr kvadrat. Aholisi 51,2 ming kishi (2004). Xiva — O’zbekistonning qadimgi shaharlaridan biri. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, shahar miloddan avvalgi 5-asrda barpo etilgan. Uning nomi shaharning qadimgi qismida joylashgan Xivaq (Xeyvaq) qudugi bilan bog’liq. Ba’zi tadqiqotchilar shahar nomini Xorazmiy tiliga yaqin bo’lgan qadimgi osetin tilidagi “Xiauv” — qal’a so’zidan, boshqalari bu atamani antik davrdan Xiva hududidan oqib o’tgan Xeykaniq (hozirgi Polvonyop) kanalining o’zgartirilgan (Xeykaniq— Xeyvaniq—Xeyvaq—Xeva— Xiva) nomidan kelib chiqqan deydilar. Xorazmlik tarixchisolnomachi Xudoyberdi Qo’shmuhammad o’zining 1831 yilda yozgan “Dili g’aroyib” asarida Xorazmning qadimgi shaharlarini nomma-nom sanar ekan, “Bu mamlakatning yana bir qal’asi — Qal’ai Ramldir. Bu qal’aga som ibn Nuh asos solgan bo’lib, u hozirgi Xivaq nomi ila mashhurdir” deydi. Xalq rivoyatlarida ham shaharning bunyod etilishi Nuh zamonlariga bo rib taqaladi. Bunda Nuhning o’g’li Som bo’lajak shahar yoniga kelib quduq qazdirgan va shu bilan Xivaga asos solgan. Haqiqatan ham Xivaning Ichan qal’asida qadimgi Xeyvaq (Xivak) qudug’i saqlanib qolgan. Xiva to’g’risidagi dastlabki ishonchli ma’lumotlar 10-asrdan boshlab arab-fors tilidagi tarixiy-geografik manbalarda uchraydi. Istaxriy (930) Xivani o’sha davrdagi eng yirik 30 ta shahar ro’yxatiga kiritgan. U Xivani Hazoraspdan 8 farsax masofada Jurjoniya (Gurganj) yo’lida joylashganligini qayd qiladi. Muqaddasiyning ma’lumotlariga ko’ra esa Xiva bilan Hazorasp o’rtasidagi masofa 8 dovon (10 farsax)dan iborat bo’lgan. Xiva Yoqut Xamaviy (13-asr), Nizomiddin Shomiy (14-asr) asarlarida ham karvon yo’lida joylashgan shahar sifatida eslatib o’tiladi. 17-asrda yashab o’tgan Mahmud ibn Valiy bu shahar to’g’risida shunday yozadi: “Xiva keng va bahavo shahar. U Shayx Najmiddin Kubroning vatanidir”. Abulg’oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” va “Shajarai tarokima” asarlaridagi Xiva xususidagi fikrlari ham ana shu davrga mansub. Xiva o’zining tarixiy o’tmishi, me’moriy tuzilishi, obidalarining yaxlit saqlanganligi jihatidan mazkur qadimgi shaharlar orasida alohida o’rin tutadi. Yer kurrasida mashhur bo’lgan Afina, Rim, Qohira shaharlariga tengdosh bo’lgan bu shaharning Ichan qal’a qismi (1990) Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan 100-shahar bo’lib, dunyoga al-Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Shihabuddin Xivaqiy, Pahlavon Mahmud, Muhammad Rahimxon (Feruz), Munis va Ogahiy kabi buyuk zotlarni yetkazib bergan Azim zamin hisoblanadi. Miloddan avvalgi 5-asr oxirigacha Xiva Xorazm tarkibida Axomaniylar davlati tasarrufida, so’ngra mustaqil Xorazm davlati tarkibida bo’lgan. Ilk o’rta asrlarda Xiva orqali Sharqni G’arb bilan bog’lovchi Buyuk ipak yo’li o’tgan. 4-asr boshlaridan Xiva — Xorazm bilan birga Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrda u qal’a devori bilan o’rab olingan. 712 yil Xivani arablar istilo qilgan. Arab sayyohlari Istaxriy va Mukaddasiy qo’lyozmalarida keltirilishicha, Xiva 10-asrda Xorazm vohasida eng yirik shaharlardan biri bo’lgan. 1221 yildan mo’g’ullar imperiyasi, 1389 yildan Temuriylar davlati tarkibida, 16-asr boshlaridan 1920 yil 2 Fevralgacha Xiva xonligi poytaxti bo’lgan. Xonlik 1873 yil rus qo’shinlari tomonidan zabt qilinib, Gandimiyon shartnomasita ko’ra, Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirilgan. 1920-24 yillarda Xiva Xorazm Xalq Sovet Respublikasi poytaxti bo’lib turgan. Xivani arxeologik jihatdan o’rganish qisman S.P.Tolstov, Ya.G’.G’ulomov, A.I.Terenojkin va boshqalar tomonidan 20-asr o’rtalarigacha olib borilgan. 1984-1993 yillarda arxeologik qazishma ishlari rejali ravishda keng miqyosda olib borildi. Qazishmalar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limi arxeologlari va xorazmlik arxeologlar hamkorligida amalga oshiridtsi. Shahar xududida 6 ta stratigrafik qazilma va 7 shurf belgilandi. Xivaning qadimgi qismi — Ichan qal’ada 1200 metr kvadrat bo’lgan maydon qazib o’rganildi. Arxeologik ashyolarning 7 metrgacha chuqurlikdan topilganligi, shaharning paydo bo’lish davri qadimgi ekanligidan dalolat beradi. Shahar tarixiy taraqqiyotining birinchi davrida Ichan qal’a o’rnida odamlar yashay boshlagan. Arxeologik materiallarning shahodaticha, bu davr miloddan avvalgi 5-asrga to’g’ri keladi. Kulolchilik charxida tayyorlangan sopol buyumlar majmuasi, shuningdek, paxsa devor qoldiklari shu davrga mansubdir. Miloddan avvalgi 5-asr oxirida Xorazm Eronning siyosiy tazyiqidan xalos bo’lgach, Xivada shahar sistemasining asosiy elementlari shakllana boshladi. Miloddan avvalgi 4-3-asrlarda qal’a atrofi 2 qavatli qalin devor bilan o’rab olindi. Devor oldin paxsa, uning ustiga xom g’isht terilib, bunyod etilgan. G’ishtlarning aksariyatiga tamg’a bosilgan. Devor orasida (ichida) eni 2 metrli yo’lak bo’lgan. Devor bo’ylab, har 22— 27 metr masofada minoralar tiklangan. Devordagi minoralar to’g’ri burchakli bo’lgan. Qal’a devorining butun tizimi asosiy devordan 4,4—8,5 metr masofadagi qo’shimcha to’siq — devor bilan o’rab chiqilgan. Devor ichi va yo’laklardan topilgan sopol buyumlar miloddan avvalgi 4-3-asrlarga taalluqli. Bo’yin qismi ingichka, nozik qilib ishlangan xum va xumchalarning sirtiga och pushti rangda gul naqshi solingan. Yana bir Nodir topilma — ko’zachaning sher kallasi shaklidagi dastasidir. Qadimgi qal’a devori va yo’laklar Xiva o’sha davrda vohada yirik shaharlardan biri sifatida Xeykaniq (Polvonyop) kanali sohillari hamda sohilga yaqin hududlarni nazorat qilib turganligini tasdiqlovchi dalildir. Xiva dastlab agrarhunarmand shahar sifatida rivojlandi. Miloddan avvalgi 2-asrda Xivaning katta qismi qum ostida qolgach, aholi shaharni tark etdi. Ichan qal’a devorlari vayron bo’ldi. Milodiy boshlarida shaharda hayot yana tiklana boshladi. Qal’a devorining g’arbiy qismida Ark bunyod etildi. 1-3- asrlarda (Kushonlar davri) Xiva Ichan qal’a devorlari tashqarisidan qalin g’ishtin devor bilan mustahkamlandi, natijada shahar devori qalinligi 7,5— 9 metrga yetdi. Arxeologik tadqiqotlarning ko’rsatishicha, milodiy 4-5-asrlarda shaharni yana qum bosgan. 6-8-asrlarda Xiva qayta tiklana boshladi. Xiva xududida zamindorlarning dastlabki ko’shklari paydo bo’la boshladi. Ichan qal’ada shunday ko’shklardan 2 tasi topilgan. Shahar Xorazmshoxlar davri (12— 13-asr boshi) ravnaq topib, hududi kengaydi. 1220-21 yillarda Xiva Chingizxon qo’shinlari tomonidan vayron etildi. Keyinroq qayta tiklana boshladi. Hunarmandchilik (kulolchilik, koshinkorlik va boshqalar) rivojlandi. Keyingi davrda ayniqsa, 16-19-asrlarda shahar jadal taraqqiy eta bordi. Quyi Volga, O’rta va yaqin Sharq shaharlari bilan savdo aloqalari o’rnatildi. Xiva 16-asrning 2-yarmidan Xorazmning poytaxtiga aylangach, har tomonlama rivojlandi. Me’moriy qiyofasi ham o’zgara bordi. Shahardan o’zaro ko’ndalang kesishgan 2 ta katta ko’cha va 4 darvoza (otadarvoza, Polvondarvoza, Bog’chadarvoza, Toshdarvoza) orqali Dishan qal’a (rabod) ga chiqiladi. Ichan qal’a devorining uzunligi 2200 metr, balandligi 6— 8 metr, tag zaminining qalinligi 5-6 metr. Qal’a to’g’ri to’rtburchak shaklida qurilgan bo’lib, uzunligi 650 metr, eni 400 metr, jami 26 gektar maydonga ega. Xivaning rabod qismi Dishan qal’a 1842 yil Olloqulixon davrida (1825— 42) baland devor bilan o’rab olingan. O’sha davrda Ichan qal’ada 33 mahalla (machitqavm) va Dishan qal’ada 34 mahalla bo’lgan. Mahallalar nomi shu yerda yashayotgan aholining kasbkori (Chitkarlik, elakchilik, kulollar, misgarlik, g’assollar) yoki shaxs lavozimi (Otamurod qushbegi, Yoqub mehtar, Yusuf yasovulboshi) bilan atalgan. Shaharda 109 kattakichik ko’cha, 79 masjid va 120 qorixona bo’lgan. Xivada 19-asr o’rtalarida 20 ming kishi yashagan. Shahar, asosan, 19-asrning 2-yarmidan kengaya bordi. 1874 yilda shahar ma’muriy jihatdan Qumyosqa, Kaptarxona, O’r, Ko’hnabozor, Kaltaminor, Amin Chorsu, Mevaston, Qoraa’lam va yangi qal’a mavzelariga bo’lingan. Xiva xonning “mulki xolisasi” hisoblanib shaxsan uning o’zi tomonidan boshqarilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Xivada 64 madrasa, 79 masjid bo’lgan. 1924 yil shaharda olingan aholi ro’yxatida 4029 xonadonda 18145 kishi qayd qilingan. Xivaning ilk tarhi 1740 yilda chizilgan. Shahar tarhi uzunasiga 1 ming metr, eniga 400 metr bo’lib, 40 gektar maydonni egallagan. Uning butun tevarak atrofi suvli xandaq bilan o’rab olingan. Shaharga Sharq tomondan maxsus ko’prik orqali kirish mumkin bo’lgan. Ko’prik kechalari ko’tarib qo’yilgan. Ko’prik yonidagi darvozadan boshlangan katta ko’cha to’ppato’g’ri Ark darvozasiga borib taqalgan. Ark shaharning g’arbiy qismida joylashgan. Shaharning asosiy ko’chasi uni 2 qism (shimol va Janub) ga ajratgan. Arkda xon saroyi, haramxona, aslahaxona bo’lib, ular maxsus qal’a devori bilan o’ralgan. Lekin, o’sha davrdagi ba’zi inshootlar chizmaga kirmay qolgan. Shaharning yana bir tarhi Rossiyadan maxfiy topshiriq bilan kelgan topograf G.N.Zelenin tomonidan 1839 yilda chizilgan. Zeleninning ma’lumotlariga ko’ra, shaharda o’sha davrda 17 ta masjid, 22 ta mahalla va 260 savdo rastasi bo’lgan. Shaharning juda aniq va mukammal bo’lgan so’nggi tarhi 1873 yilgi rus istilosidan so’ng rus topograflari tomonidan tuzilgan va o’sha yiliyoq “1873 yilgi Xiva yurishlari” maqolasiga ilova tarzida bosilgan. Me’moriy ansamblining yaxlitligi jihatidan shahar O’rta Osiyoda yagona hisoblanadi. 1967 yilda O’rta Osiyoda ilk bor Xivaning Ichan qal’a (Shahriston) qismi tarixiy-me’moriy yodgorliklar qo’riqxonasi deb e’lon qilindi. Xivaning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o’rni YUNESKO Bosh konferentsiyasining (1995 yil oktabr—noyabr) 28-sessiyasida alohida qayd qilindi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 3 yanvardagi qarori bilan Xivaning 2500 yilligi 1997 yilda jahon miqyosida keng nishonlandi. Shaharda “Xiva-Karpet” qo’shma korxonasi, sopol buyumlar, paxta tozalash, g’isht zavodlari, tikuvchilik, “Xiva gilami” aktsiyadorlik jamiyati va boshqalar gilam to’qish korxonalari, non kombinati, dehqon bozori, madaniy, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. Urganch universitetining agromenejment fakulteti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Xorazm Ma’mun akademiyasi bo’limi, Qoraqum ilmiy tadqiqot stantsiyasi, pedagogika, tibbiyot, turizm kasb-hunar kollejlari, kasb-hunar litseyi, gimnaziya, 15 umumiy ta’lim maktabi, Mehribonlik uyi, 2 Maxsus internat, viloyat qo’g’irchoq teatri, san’at maktabi, 2 kutubxona va uning tarmoqdari, madaniyat va istirohat bog’i mavjud. Al-Xorazmiy, Feruz yodgorliklari, birinchi o’zbek kinooperatori Xudoybergan Devonov muzeyi, Markaziy stadion, sport majmuasi, tennis korti, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tug’ruqxona, bolalar kasalxonasi, tish davolash markazi, Markaziy dorixona, xususiy dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar mavjud. Tarixiy-me’moriy obidalardan Sayd Aloviddin maqbarasi, Pahlavon Mahmud majmuasi, Juma masjid, ko’hna Ark, Oqshayx bobo ko’shki, Toshhovli, Nurullaboy saroyi, Muhammad Aminxon madrasasi, Muhammad Rahimxon madrasasi, Islomxo’ja madrasasi va minorasi, Olloqulixon madrasasi, Qutlug’murod inoq madrasasi, Olloqulixon karvonsaroyi va TIMI, Anushaxon xammomi, oq masjid, polvon darvoza, ota darvoza, Bog’cha darvoza, tosh darvoza, Hazorasp darvoza, kush darvoza va boshqalar saqlanib qolgan. Shaharda “Xiva—Sharq gavhari” jurnali (2001 yildan), “Xiva tongi” tuman gazetalar nashr etiladi. Shahar jahon turizmi markazlaridan birga aylangan. Xivaga har yili 200 mingdan ziyod sayyoh, shu jumladan, 7 mingga yaqin xorijlik sayyoh va mehmonlar tashrif buyuradi. Shaharda “O’zbekturizm” milliy kompaniyasiga qarashli va bir necha xususiy mehmonxonalar ishlab turibdi. Xivadan Urganch shahriga trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan (1997). Xiva—Toshkent, Xiva—Buxoro, Xiva—Navoiy—Samarqand—Toshkent yo’nalishida, shuningdek, Urganch, Qo’shko’pir, Yangiariq, Bog’ot, Hazorasp va viloyatdagi boshqa shahar va yirik aholi punktlariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi. Ad.: Gulyamov Ya.G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941; Abdurasulov A., Xiva, T., 1997; Zaxidov P.Sh., Xiva, T., 1980; Mamedov M.A., Muradov R.G., Srednevekoviye pismennie istochniki o drevnem Urganche, Ashxabad, 2000. Abdulla Abdurasulov, Ibrohim Karimov.