Xiva «ichan qal’a» muzey-qo’riqxonasi

Xiva «ichan qal’a» muzey-qo’riqxonasi, Xiva «Ichan qal’a» tarixiy-me’morlik muzeyqo’riqxonasi — Xiva shahridagi muzeyqo’riqxona; Xorazmning qadimgi moddiy va madaniy yodgorliklarini, avloddan-avlodga o’tib kelayotgan o’ziga xos an’analarini saqlash, o’rganish va targ’ib qilish bilan shug’ullanadigan madaniy-ma’rifiy muassasa. 1920 yil Ko’hna Ark (arzxona)da ko’rgazmamuzey tarzida ochilgan; 1924 yil Toshhovliga ko’chirilgan. 1969 yildan Xorazm tarixiy-inqilobiy muzeyi «Ichan qal’a» muzeyqo’riqxonasi bilan birlashtirilib, hozirgi nomi bilan ataladi. 1990 yilda Ichan qal’a o’zining tarixiy ahamiyatga ega maydonlari (Dishan qal’a devori xarobalariga qadar bo’lgan hududi) bilan Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan. Muzeyqo’riqxona 26 ga maydonni egallagan bo’lib, uning tarkibida 54 ta tarixiy obidalar bor, 3253,2 kvadrat metr maydonni Xorazmning qadimdan hozirgi davrigacha bo’lgan boy tarixi, moddiy va ma’naviy madaniyatini o’zida aks ettirgan 13 ta doimiy muzey-ekspozitsiyalar tashkil qiladi: Ko’xna Arkda — qadimgi Xorazm; Muhammad Rahimxon madrasasida — tarix va adabiyot; qozi Kolon madrasasida — Musiqa tarixi; Sherg’ozixon madrasasida — tabobat; Islomxo’ja madrasasida — Xalq amaliy san’ati; Abdullaxon madrasasida — tabiat; Muhammad panoh Madrasasida — Avesto; Toshhovlida — Hunarmandchilik; Arabxon madrasasida — Asosiy fond va boshqalar. Muzeyqo’riqxona fonddagi 50 mingdan ziyod eksponatlar (2004) — arxeologik topilmalar (1109 ta), qurol-aslahalar (120), turli davrlarda zarb qilingan nodir tangalar (14895), amaliy san’at buyumlari (2309), uy-ro’zg’or anjomlari (1815), tasviriy san’at asarlari (127), noyob kitob va hujjatlar (4954), fotofotonegativ hujjatlar (3071) va boshqa noyob osori-atiqalarni, tarixiy obidalarni avaylab asraydi, ilmiy jihatdan o’rganadi, ularni topilmalar bilan boyitadi va boshqa ishlarni amalga oshiradi. Mustaqillik yillarida Shayx Mavlon bobo, ko’hna Ark, Sayd Mahro’yekon majmuasi, Shayx Qalandarbobo, Qibla Tozabog’ majmualari, Bibi xojar maqbarasi, Muhammad Rahimxon, Musa To’ra madrasalari, «Ichan qal’a» ko’chalarida ta’mirlash va obodonlash tirish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Muzeyqo’riqxona hududida sayyohlar uchun Internet markazlari ochilgan. Komiljon Xudoyberganov.