Xiva tumani

Xiva tumani – Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Tuman shimol, shimoli G’arb va g’arbdan Qo’shko’pir, shimoli sharqdan Urganch va Xonqa, sharqdan Yangiariq tumanlari, Janub va Janubi g’arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,47 ming km2. Aholisi 174,5 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Xiva), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Gandimiyon, Dashyoq, Juryon, Irdimzon, Oqyop, Sayot, Chinobod, Shomoxulum, eski Qiyot) bor. Markazi. — Xiva shahri. Tabiati. Tuman hududi Amudaryo quyi oqimining chap sohilidagi tekislikda joylashgan, o’rtacha balandligi 97 metr. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq. Yillik o’rtacha temperatura 12, gradus. O’rtacha temperatura yanvarda -4,5°, iyulda 27,4°, eng past temperatura -31°, eng yuqori temperatura 45°, 46°. Xiva tumani Respublikaning yog’in kam yog’adigan tumanlaridan biri. Yillik yog’in miqdori 100 mm. Vegetatsiya davri 200 kun. Tuproqlari allyuvial, o’tloqi, sho’rxok, taqir va qumli cho’l tuproqlaridan tashkil topgan. Yovvoyi o’simliklardan qizilmiya, sho’ra, olabo’ta, otquloq, qirqbo’g’im, chirmovuq, isiriq, qamish, yulg’un, semizo’t, bo’ritaroq, tol, jiyda, turang’il, terak, yantoq, ko’kpechak, takasoqol, ajriq, zarpechak va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, tulki, chiyabo’ri; qushlardan sassiqpopishak, qo’ton, birqozon, mo’ylovli chittak, zarg’aldoq, inuya, musicha, dehqonchumchuklar uchraydi. Sudraluvchilardan toshbaqa, kaltakesaklar (kulrang va taroq barmoqli gekkon, yumaloq boshli kaltakesaklar) yashaydi; ko’llarda karp, olabug’a, laqkabaliq, cho’rtanbaliq va boshqalar bor. Yer osti suvlari yuza (0,8—1 metr) joylashgan. Tuman hududida Sho’rko’l, Qorako’l, Ravotko’l, G’ovukko’l va boshqa ko’llar bor. Qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda polvonyop, G’ozovot, Angariq, Sirchali, pishkanik va boshqa kanal va ariqlar suvlaridan foydalaniladi. Qurilish materiallaridan qum, gil (loy) bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tatar, rus, qozoq, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 371 kishi. Shahar aholisi 51,2 ming kishi, qishloq aholisi 123,3 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, sopol buyumlari, sut, g’isht, avtomobil ta’mirlash zavodlari, gazkompressor styasi, 2 avtokorxona, «Xiva gilami» aktsiyadorlik jamiyati, non kombinatlari, gilam to’qish, tikuvchilik, parrandachilik fabrikalari, qurilish tashkilotlari va boshqalar mavjud. Tumanda faoliyat ko’rsatayotgan 1563 korxonadan 95 tasi yirik, 18 tasi o’rta, 106 tasi kichik korxona, 1344 tasi mikrofirmadir (2004). Uzbekistan—Latviya— Shveytsariya «Kompleksimxiva», Uzbekistan—Angliya «Xiva», O’zbekiston— AQSh «Xiva malikasi», Uzbekistan— Germaniya «Xiva—Karpet» kabi qo’shma korxonalar samarali ishlab kelmoqda. Tumanda va, ayniqsa, Xiva shahrida yogoch o’ymakorligi, mis o’ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilamchilik, ganchkorlik, naqqoshlik, shuningdek, temirchilik, misgarlik, xarrotchilik, chugurmado’zlik, tunukachilik, tandirchilik, durad- gorlik, etikdo’zlik, tikuvchilik va boshqa hunarmandchilik sohalari qadimdan rivojlangan. Xiva bozori viloyatdagi yirik bozorlardan hisoblanadi. Xiva tumanida 6 shirkat uyushmasi, 3 fermer xo’jaligi uyushmasi, MTP va boshqalar mavjud. Tuman qishloq xo’jaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. G’allachilik, mevachilik, polizchilik, tokchilik, pillachilik ham rivojlangan. Jami yer maydoni 39 ming gektar, shundan ekin maydonlari 17,1 ming gektar. 7,7 ming gektar maydonga paxta, 5,6 ming gektar yerga don, 421 gektar yerga kartoshka, 1,7 ming gektar yerga sabzavot, 400 gektar yerga poliz ekinlari ekiladi. Shuningdek, ozuqa ekinlari ham yetishtiriladi. Bog’lar 755 gektar, tokzorlar 26 gektar, tutzorlar 275 gektar, o’rmonlar 7682 gektar yerni egallaydi (2004). Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 49,2 ming qoramol (shu jumladan, 21,2 mingga yaqin sigir), 22,1 mingdan ziyod qo’y va echki, 240 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004). 2003/04 o’quv yilida tumandagi 57 umumiy ta’lim maktabida 42 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi. Shu jumladan, 42 o’rta, 10 to’liqsiz o’rta maktab, 2 gimnaziya, 2 litsey, ixtisoslashgan maktab faoliyat ko’rsatadi. Xiva tumanida 2-bolalar va o’smirlar sport maktabi, bolalar musiqa maktablari bor. Xiva shahrida Xorazm Ma’mun akademiyasi, Qoraqum ilmiy tadqiqot stantsiyasi, Xiva tarixiy-me’morlik Ichan tsala muzey-qo’riqxonasi, madaniyat va istirohat bog’i, viloyat qo’g’irchoq teatri, xalq teatri, shahar va tuman Markaziy kutubxonalari va ularning filiallari, 31 klub, «Doston» va boshqa folklor-etnografik dastalar bor. Markaziy stadion, sport majmuasi, 68 futbol, 46 basketbol, 48 voleybol, 34 qo’l to’pi maydonlari, 43 sport zali, 4 tennis korti va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, 13 qishloq vrachlik punkta, 4 ta tibbiy dispanser, 3 feldsherlik sog’lomlashtirish, 18 feldsher-akusherlik punkti, 7 poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 469 vrach, 1150 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududi orqali Xiva—Toshkent, Xiva—Urganch, Xiva—Qo’shko’pir, Xiva—Yangiariq, Xiva—Bog’ot, Xiva— Hazorasp va boshqa yo’nalishlarda avtobus va marshrut taksilari qatnaydi. Xiva— Urganch yo’nalishida trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Me’moriy yodgorliklardan Shohimardon, Shayx Mavlon bobo, Otajon To’ra me’moriy majmualari, chodra hovli me’moriy obidasi, Ibrohim Xo’ja madrasasi, Qubla Tozabog’saroyi va boshqalar saqlanib qolgan. 1931 yil 7 noyabrdan «Xiva tongi» tuman gazeta nashr etiladi (adadi 1500). Gulorom Masharipova, Sanjarbek Davletov.