Xiva mudofaasi

Xiva mudofaasi – Rossiya imperiyasining O’rta Osiyoni istilo qilishi davrida shahar aholisining kurashi. 1872 yil oxirlarida harbiy vazir boshchiligida Peterburgda Turkiston, Orenburg general-gubernatorlari va Kavkazdagi podsho noiblari ishtirokidagi maxfiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga qaror qilingan. Xonlik qo’shinida hammasi bo’lib 27 eski zambarak, 2 ming otliq askar, 4 ming navkardan iborat qo’shin bo’lgan. Rossiya qo’shini ham son, ham sifat jihatdan, shuningdek, harbiy texnika imkoniyati, qurol-yarog’lari bilan ham Xiva xonligi qo’shinidan ustun edi. Mazkur harbiy operasiyaga rahbarlik qiluvchi zobitlar, generallar amaliy tajribasi ham Xivalik lashkarboshilardan ko’p darajada yuqori bo’lgan. Turkiston qo’shinlariga general Kaufman, Orenburg otryadiga general Veryovkin, Mangqishloq otryadiga polkovnik Lomakin qo’mondon bo’lib, Orol flotiliyasi ham ular ixtieriga berilgan edi. Istilochilar shu yo’sinda 3 yo’nalish bo’yicha Xiva xonligi ustiga bostirib kirgan. Imperator Aleksandr II Xiva yurishiga katta e’tibor beradi. Kaufman yurish oldidan Xivani siyosiy tarafdan yakkalab qo’yish choralarini ko’rgan. U Buxoro amiri va Qo’qon xoniga tahdidli maktublar yo’llab ularni Xivaga yordam bermaslikka chaqirgan. Xiva xonining masalani tinch yo’l bilan hal qilishga urinishlari behuda ketgach, harbiy kengash chaqirib, mudofaa rejalarini tuzgan va dushmanga qarshi o’zining lashkarboshilarini safarbar qilgan. Matmurod devonbegi, Mahmud yasovulboshi, Yoqubbek qalmoq, Eltuzar inoq va bobo mehtar rahbarligidagi o’zbek va turkman yigitlari rus qo’shinlari hujumini qaytarish uchun 2 guruhga bo’linganlar. Ruslar yo’lda uchragan har bir shahar va qishloqni talab, uylarga o’t qo’yib, qirg’in uyushtirganlar. Ularning ketidan kultepalar va jasadlar qolgan. Ammo, Xorazm vatanparvarlari bo’sh kelmay, o’zlariga qulay joylardan dushmanga hujum qilishgan. 1873 yil 29 may kuni Xiva xoni ortiqcha qon to’kilishini istamay, o’z vakillarini fon Kaufman huzuriga jo’natgan, ammo, general xonning taklifini oqibatsiz qoldirib hujumga kirishgan. Afsuski, shunday qaltis bir paytda xonning oilasi va yaqin qarindoshlari dushmanga qarshi yakdil bo’lish o’rniga, sulolaviy nizolarga berilib ketishgan. 1873 yil 29 mayda Xiva ishg’ol qilingan. Xon saroyidagi oliy hukmdorlarning taxti, bebaho oltinkumush buyumlari, turli-tuman qimmatli matolar va nodir qo’lyozma asarlar Peterburgga, podshoh saroyiga o’lja sifatida olib ketilgan. O’lja olingan behisob boyliklar generallar, zobitlar va askarlar o’rtasida taqsimlab olingan. Ad..O’zbekistonning yangi tarixi, 1J. [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.