Magnitogidrodinamik generator

Magnitogidrodinamik generator, MGD-generator — issiqlik energiyasini bevosita elektr energiyasiga aylantirib beradigan generator. Asosiy qismlari: elektrodlar joylashgan kanal va kuchli magnit maydonni hosil qiladigan elektromagnit. Magnitogidrodinamik generatorning yopiqtsiklli (berk kanalli) va ochiq tsiklli (ochiq kanalli); impulsli (oniy), qisqa muddat va uzoq muddat ishlaydigan xillari bo’ladi. Generator ishlab turgan paytda temperatura va bosim ta’sirida kanalda harakatlanadigan va magnit maydonni kesib o’tadigan elektr o’tkazuvchi ish jismi (elektrolit, suyuq metall yoki plazma) da elektr toki hosil bo’ladi. Bu tok elektrodlar orqali iste’molchiga boradi. Dastlabki Magnitogidrodinamik generator 20-asr 50-yillar oxiri va 60-yillar boshida oldin AQSh da, keyinroq sobiq Ittifoqda yaratilgan. Quvvati 500 MVt ga yetadigan MGD-elektr stansiyaning magnitogidrodinamik bloki ham ishlab chiqilgan. Magnitogidrodinamik generator issiqlik elektr stansiyalarining ish samaradorigini ancha oshiradi. Magnitogidrodinamik generatordan elektr stansiyalarda, kosmik kemalar, samolyotlar va boshqalarda foydalanish mumkin.