Magnitobiologiya

Magnitobiologiya – biofizikaning bir bo’limi, tabiiy va sun’iy magnit maydonining tirik organizmlarga ta’sirini, organlar (yurak, miya, nervlar va boshqalar) hosil qilgan magnit maydonini hamda biologik moddalarning magnitlik xususiyatlarini tadqiq qiladi. Sun’iy magnit maydonining odam organizmiga ta’siri to’g’risidagi ma’lumotlar qadimdan ma’lum. O’sha davrda magnitning shifobaxsh xususiyatiga ortiqcha baho berilgan; magnit har qanday kasallikka davoligi va hatto yoshartirishi to’g’risida ko’p yozilgan. 19-asrda yevropalik shifokorlar (jumladan, frantsuz nevropatologi J.A.Sharko, rus shifokori S.P.Botkin) magnit maydoni asabni tinchlantiradi, deb hisoblashgan. Magnitobiologiya 20-asrning 60-yillaridan boshlab kosmik biologiya paydo bo’lishi bilan tez rivojlana boshladi; kuchaytirilgan magnit maydonining biologic ta’sirini o’rganishga asosiy e’tibor berildi. Magnit maydoni kuchlanishi ersted bilan o’lchanadi. Bu kuchlanish 140000 Erstedgacha o’zgarib turadi. Sut emizuvchilarning barcha organlari magnit maydonidan ta’sirlanadi. Boshqarish funktsiyasini bajaradigan organlar magnit maydoniga sezgir bo’ladi. Kuchli magnit maydoni nerv sistemasiga tormozlovchi ta’sir ko’rsatadi, ya’ni shartli va shartsiz reflekslarni so’ndiradi. O’simliklarda kuchli magnit maydoni ildizning o’sishini to’xtatadi, fotosintez intensivligini kamaytiradi. Magnit maydoni ta’sirida mikroorganizmlarning o’sish tezligi va ferment sistemasi faolligi, RNK sintezi, yuqori haroratga sezgirligi o’zgaradi. Geomagnit maydoni tirik organizmlarning o’rni va vaqtni chamalashda ahamiyatga ega ekanligi taxmin qilinadi. Shuningdek, qushlar va baliqlarning uzoq hududlarga ko’chib utishi (migratsiyasi)da, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar va boshqa hayvonlarning harakatlanishida ham chamalovchi ta’sir kursatishi mumkin, ayrim o’simliklar ildiz sistemasi magnit meridianiga nisbatan yo’naladi. Magnitobiologiya sohasidagi ma’lumotlar terapevtik maqsadlarda va ishlab chiqarishda foydalaniladigan magnit maydonini gigienik baholashda muhim ahamiyatga ega.