Vizer (Wieser) Fridrix
Vizer (Wieser) Fridrix (1851.10.7, Vena — 1926.22.7, Sankt Gilgen) — Avstriya iqtisodchisi, siyosiy iqtisoddagi Avstriya maktabi namoyandasi. 1903 yildan Vena universitetida siyosiy iqtisod professor. U K. Menger va E. Byombaverk bilan birgalikda me’yoriy naflik nazariyasini ishlab chiqdi va mazkur atamani fanga kiritdi. Marksning qiymatning mehnat nazariyasi va qo’shimcha qiymat nazariyasini rad etishga harakat qildi. Vizer yaratilgan mahsulotning ishlab chiqarishning 3 omili — mehnat, yer va kapital hissasiga to’g’ri keladigan muayyan qismlari qiymati nazariyasini yaratdi. U qiymat, pul va real daromadlar nisbatiga qarab belgilanadigan pul nazariyasini ilgari surdi. Vizer qarashlari G’arb mamlakatlaridagi iqtisodiyot faniga katta ta’sir ko’rsatgan.