Hind-malay zoogeografiya oblasti
Hind-malay zoogeografiya oblasti, Sharqiy oblast-quruqlik zoogeografiya oblasti, Osiyoning Janub qismi, Osiyo bilan Avstraliya oralig’idagi ko’pchilik orollarni o’z ichiga oladi. Ko’p qismi tropik o’rmon, shimoliy qismi tog’lik, faqat kichik bir qismi cho’l va savannalardan iborat. Faunasi nisbatan qadimgi, asosan, daraxtlarda yashovchi hayvonlardan iborat. Hayvonot dunyosi xilma-xil bo’lishiga qaramasdan, yirik sistematik guruhga mansub endemiklar kam. Sutemizuvchilarning 4 oilasi: uzuntovonlilar, junqanotlilar, tupayyalar va gibbonlar endemik. O’ziga xos hasharotxo’rlar (masalan, tipratikan), bir necha tur yirtqichlar: Mushuklar, veverralar, ayiqlar; tuyoqlilar: tapirlar, karkidonlar (3 tur), bugular, buyvollar (hind va karlik buyvol, Gaur, banteng, kulrang ho’kiz), antilopalar (nilgau, 4 shoxli va burama shox antilopa), fil, maymunlarning bir necha turi (jumladan, orangutan) bor. Ko’rshapalaklar va kemiruvchilar ayniqsa xilma-xil. Ko’rshapalaklar orasida o’simlikxo’rlari (uchar itlar) ham keng tarqalgan. Ayrim daryolarda daryo delfinlari yashaydi. Qushlar ayniqsa juda xilma-xil, endemik turlari kokilli uzunqanotlilar, shoxtumshuqlilar oilalarida ko’p uchraydi. Sudralib yuruvchilardan gekkonlar, echkemarlar, agamalar, stsinklar, ilonlar, toshbaqalar (jumladan, katta boshli toshbaqa), timsohlarning bir necha turi (jumladan, gaviallar, alligator) keng tarqalgan. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar turlari ko’p emas; dumlilar uchramaydi; dumsizlardan qurbaqalar (jumladan, uchar baqa, qurilloq baqalar) yashaydi. Baliqlar faunasi ham xilma- xil: karpsimonlar, laqqaning bir necha turi ko’p uchraydi; yirik daryolarda akulalar bo’ladi. Hind-malay zoogeografiya oblasti faunasi tarixan Efiopiya zoogeografiya oblasti faunasiga yaqin. Karkidonlar, fillar, torburunli va odamsimon maymunlar, kaltakesaklar, ayrim lemurlar, tuyokdilarning ayrim urug’lari (masalan, bug’uchalar, buyvollar), tovuslar, uzun burun qushlar, sudralib yuruvchilardan xameleonlar, echkemarlar va agamalar har ikki oblastda ham uchraydi. Hind-malay zoogeografiya oblastining turli qismida hayvonot dunyosi keskin farq qiladi. Bu hol oblast hududining asosiy qismi orollardan iboratligi tufayli hayvonlar arealining ajralib qolganligi bilan bogliq. Hind-malay zoogeografiya oblasti Hindiston-Hindixitoy va Malay kichik oblastlariga bo’linadi. Hind-malay zoogeografiya oblasti hududida qadimgi Madaniyat o’chog’i bo’lgan mamlakatlar joylashgan. Bu mamlakatlarda qishloq xo’jalik hayvonlarining bir qancha turlari: buyvol, Gaur, banteng, cho’chqa, tovuq, tovus, Hindiston arisi xonakilashtirilgan.