Hind

Hind (sanskritcha Sindxu, pushtu tilida Abbasin — daryolar otasi) — Xitoy, Hindiston va Pokistondagi daryo. Uzunligi 3180 kilometr, havzasining maydoni 980 ming km2. Kaylas tizmasi (Tibet tog’ligi) dan, 5300 metr balandlikdan boshlanadi. Yuqori oqimida chuqur tektonik vodiyda qoyali daralar hosil qilib, o’rta va quyi qismida Hindgang tekisligining g’arbiy qismidagi keng vodiyda irmoqlarga bo’linib oqadi va Arabiston dengiziga Delta (maydoni 8 ming km2) hosil qilib quyiladi. Asosiy irmoqlari: o’ngdan — Gilgit va Kobul, chapdan — Satlaj. Hind tog’larda erigan qor-muzlik suvlaridan, qolgan qismida musson yomg’irlaridan to’yinadi. Bahor va yozgi to’linsuv davrida suv sathi toglarda 10-15 metr, tekisliklarda 5— 7 metrgacha ko’tariladi. Suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida daryo o’zani katta masofada marzalar bilan o’ralgan. Haydarobod shahri yaqinida suv sarfi 3850 m3/sekund, eng yuqorisi 30 ming m3/sekunddan ziyod. Quyi oqimida sug’orishga ko’p suv sarflanishi va bug’lanishi natijasida suvi kamayadi. Qurg’oqchil yillar quyi oqimida Arabiston dengizigacha yetib bormay, ba’zan qurib qoladi. Daryo yiliga 450 million tonna oqiziq keltiradi. Hind havzasida 11 million gektar yer sug’oriladi. Ko’plab to’g’on va boshqa irrigaysiya inshootlari qurilgan. Kobul daryosi quyilgan joydan boshlab vaqt-vaqti bilan kema qatnaydi. Hind bo’yida Haydarobod, Sukkur shaharlari, deltasi yaqinida Karochi dengiz porti joylashgan.