Hindistoniy

Hindistoniy, hindaviy o’rta asrlarda Dehli, Agra, Marathi hududlarida mavjud bo’lgan khari bo’li («sof», toza sheva») lahjalari asosida shakllangan xalq-so’zlashuv tili. Butun Shimoliy va qisman markaziy va Janubiy Hindistonda millatlararo aloqa tili sifatida rivojlangan. Hindistoniyda so’zlashuvchilar 250 million kishiga yaqin (o’tgan asrning oxiri). Janub Hindistonda bu til «dakhiniy» yoki «Janubiy Hindistoniy»deb ataladi. Hindistoniy, o’zi adabiy til sifatida shakllanmagan bo’lsada, 2 yozma adabiy tilga — urdu va hindiy (adabiy hind)ga asos bo’lgan. Hindistoniyning fonetik va Grammatik qurilishi urdu va hindiy tillariniki bilan o’xshash; lug’at tarkibi urdudan eroniy va arabiy o’zlashmalarning kamligi, hindiydan esa sanskritcha o’zlashmalarning yo’qligi bilan farqlanib, asl hindiycha so’zlar (yoki «tadbhava»), shuningdek, ilk eroniy o’zlashmalardan tashkil topgan. Ad.: Zograf G.A., Xindustani na rubeje XUP1-X1X vv., M., 1961; Shamatov A.N., Klassicheskiy dakxini (Yujnny Xindustani XVIII v.), M., 1974.