Ossuriya

Ossuriya — Mesopotamiyaning shimolda, Dajla daryosi yuqori oqimi bo’ylarida qadimda mavjud bo’lgan davlat (miloddan avvalgi 20-7-asrlar). Ashshur (Assur) shahardavlati nomidan olingan. Ossuriya aholisi, asosan, Somiy-Akkad xalqlariga mansub bo’lgan. Miloddan avvalgi 18-asr boshida Ashshur yirik davlatning markazi edi. Keyinchalik Bobil, 16-15-asrlarda Mitanni davlatlari qo’l ostiga o’tgan. Ashshur hukmdori Ashshuruballit I (miloddan avvalgi 15-asr oxiri — 14-asr boshi) Mitannining zaiflashganidan foydalanib, mustaqil bo’lib olgan va kuchli davlat tuzgan. U Bobilni ham o’ziga bo’ysundirgan. Uning nabirasi Arikdenilu birinchi bo’lib » Ossuriya podshohi» unvonini olgan. Ossuriya Shimoliy Mesopotamiyaning butun hududini hamda Bobilga Furot va Dajla orqali boradigan Daryo yo’lini egallab olishga muvaffaq bo’lgan. Shuningdek, Arrapxa (hozirgi Kirkuk) davlati ham bosib olingan. Miloddan avvalgi 16— 13-asrlar oralig’ida bizning davrimizgacha yetib kelgan Ossuriya sud qarorlari (oilaviy, yer, qarzdorlik huquqiga doir va boshqalar) tuzilgan. 13-asrdan podsho hokimiyati bilan zodagonlar o’rtasida ziddiyat kuchaya boshlagan. 12-asrda Ossuriya vaqtinchalik zaiflashgan bo’lsada, ammo Tiglatpalasar I davrida (12-asr oxiri — 11-asr boshi) yangidan qudratli davlatga aylangan. U Bobil, Shim. Suriya va Finikiyada zafarli urushlar olib borgan. Armanistonga tez-tez yurishlar qilib turgan. Biroq Tiglatpalasar 1 hukmronligining 2-yarmida oromiy kabilalarining Suriya Dashtidan shimoliy Suriya va shimoliy Mesopotamiyaga siljishi bilan Ossuriya davlati zaiflashib, parchalanib keta boshlagan. Zodagonlar bilan kurash natijasida Ossuriya podsholarining qarorgohi imtiyozli Ashshur shahridan boshqa shaharlarga — dastlab, Kalxuga (hozirgi Nimrud shahri xarobasi), 8 — 7-asrlarda bo’lsa dur-sharrukin (Xorsobod) va Nineviya (Kuyunjik) ga ko’chirilgan. 10-asr oxiri — 9-asrlarda Ossuriya podsholari shimoliy Mesopotamiya va Ossuriya ning sharqidagi tog’li o’lkalarda o’z hokimiyatlarini tiklashga erishganlar. Ossuriya qo’shinlari bir necha bor Janubga — Bobilga, shimolga — urar-tuga, Sharqqa — Midiyaga, G’arbga — Suriyaga bostirib kirganlar. 9-asr oxiridan Ossuriyada ijtimoiy-siyosiy tanazzul boshlangan, u urushlar natijasida xonavayron bo’lgan qishloq xo’jalik rayonlari bilan bog’liq edi. Yirik davlatlar va ittifoqlar, ayniqsa, urartu bilan bo’lgan kurashda Ossuriya bosib olgan bir qancha viloyatlardan ajralgan. Mamlakat ichkarisida sodir bo’lgan fuqarolar urushi natijasida taxtga Tiglatpalasar 111 (745-727) o’tirgan. Uning davrida Ossuriya yana bosqinchilik siyosati yurgizgan. 100 yil mobaynida G’arbiy Osiyoning butun hududi (Urartu va ba’zi chekka viloyatlardan tashqari) bosib olingan. Bu hududlardagi xalqlar qirib tashlanmasdan, balki bir rayondan ikkinchi rayonga ko’chirilgan; noyibliklar kichik qismlarga bo’lib tashlangan va noyiblar huquqi cheklangan; davlat tomonidan ta’minlanadigan doimiy armiya tuzilgan. Tiglatpalasar III, o’g’li Salmanasar V (727-722), keyinchalik Sinaxerib (705-680) harbiylarga ko’proq yon bosib, oqsuyaklar, kohinlar huquqini cheklagan. 679-672 yillarda Ossuriya Shimolda va Sharkda kimmeriylar, skiflar va midiyaliklar bilan og’ir urushlar olib borgan. Miloddan avvalgi 8-asr oxiridan boshlab Ossuriyaga qarshi bo’lgan davlatlar (Bobil, Elam, ba’zan Misr, Suriya, Finikiya, Falastin) va kabilalar (xaldey, Arab va boshqalar) Ittifoqi tuzilgandi. Ashshurbanipal davrida (669-633) bu ittifoqqa qarshi olib borilgan urushlar natijasida Ossuriyada ozod dehqonlar ahvoli og’irlashgan, qo’shinning ma’naviy-ruhiy ahvoli yomonlashgan. Ossuriyaning harbiy- texnikaviy yutuqlarini 7-asrga kelib boshqa davlatlar ham o’zlashtirganlar. Uzoq muddatli urushdan so’ng Bobil va Midiya Ittifoqi Ossuriyani tor-mor keltirgan, uning asosiy shaharlarini vayron qilib, Ossuriya davlatini tugatgan (605). Urush davrida Ossuriya zodagonlari yoppasiga qirib tashlangan, qolgan aholi Mesopotamiya oromiylari bilan aralashib ketgan. Ad.: Vsemirnaya istoriya, t. 1, M., 1955. Soyfullo Tursunov.