Oltinsarin Ibray
Oltinsarin Ibray (1841.20.10 -1889.17.7) — qozoq yozuvchisi va ma’rifatparvari, milliy badiiy naerning asoschilaridan. Orenburg shahridagi rus maktabida o’qigan (1850— 57). 1860-69 yillar To’rg’aydagi rus-qozoq maktabida o’qituvchi, 1879 yildan To’rg’ay viloyatidagi qozoq maktablari inspektori. Oltinsarinning tashabbusi bilan qozoq bolalari uchun 7 ta boshlang’ich volost maktabi, 4 ta 2 yillik maktab, 1 ta hunar bilim yurti va qozoq o’qituvchilari uchun maktab ochilgan (1883 yil Orsk shahri). Oltinsarin shu maktablar uchun ilk darsliklar, majmualar («qirg’iz xrestomatiyasi», 1879) yozgan. «Daryo», «Yoz», «Kel bolalar, o’qiylik!»singari vatanparvarlik, insonparvarlik ruhidagi she’rlari, «Qipchoq Saidqul», «Boy bolalari bilan Husan» singari axloq-odobga oid kitoblari ilk marotaba ana shu majmualarga kiritilgan. Qozoq folkloriga oid bir qancha asar to’plagan va nashr ettirgan («luqmoni Hakim», «yolg’onning zarari», «saxiy», «Izbosti biy» balladalari, «qora botir», «kal bola» ertaklari, «Qo’blandi» eposi va boshqalar). Oltinsarin Jan Per Beranje, I. A. Krilov, L. N. Tolstoy va boshqalarning asarlarini qozoq tiliga tarjima qilgan. Ular qozoq tilidagi birinchi badiiy Nasr namunalari hisoblanadi.