Oltinsoy tumani

Oltinsoy tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1981 yil 23 noyabrda Sho’rchi va Denov tumani qismlaridan tuzilgan. Viloyatning Denov, Boysun, Sho’rchi, Qumqo’rg’on tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming km2. Aholisi 116,9 ming kishi (2003). Tumanda 9 qishloq fuqarolar yig’ini (Vaxshivor, Dug’oba, Mirshodi, Oltinsoy, Oqarbuloq, Oqoltin, Xo’jasoat, Chep, Qarluq) bor. Tuman markazi — Qarluq qishlog’i. Tabiati. Oltinsoy tumani Surxondaryoning shimoliy qismidagi serunum tekislikda joylashgan. Yer yuzasi sharqqa tomon pasayib boradi. G’arbiy chekkalari kerago tog’ etagiga tutashib ketadi. Tuman markazidan Oltinsoy daryosi, shimoldan Janubga tomon Hazarbog’ kanali oqib o’tadi. Relefi, asosan, tekislik va adirlardan iborat. Balandligi 400-700 metr. Iqlimi quruq, tipik subtropik iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 15,9°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 2,6°. Eng past temperatura -25°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 32-33°. eng yuqori temperatura 46°. Yillik yog’in 240— 260 mm. Vegetatsiya davri 230 kun, ba’zan kuchli shamollar esadi. Tuproqlari o’tloqi-botqoq, bo’z tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan shuvoq, sho’ra, yantoq, bodom, pista, tog’ rayhoni, do’lana, rovoch, alqar va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, jayran, kalamush, qo’shoyoq, yumronqoziq, ko’rsichqon, jayra, to’qaylarda to’qay mushugi, qobon, chiyabo’ri, qushlardan mayna, so’fito’rg’ay, kaklik, qaldirg’och, ko’rshapalak, g’oz, o’rdak, sudraluvchilardan o’qilon, gekkon, ko’zoynakli ilon va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 209 kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi asosan qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Qishloq xo’jaligida bog’dorchilik asosiy o’rin tutadi. Ayniqsa, tokchilik rivojlangan. Paxta, don ekinlari, sabzavot, poliz ekinlari ham ekiladi. Sanoat korxonalaridan Oltinsoy «sharob» samarali ishlamoqda. «Sharob» korxonasi 1982 yilda Denov vino-araq zavodi tarkibidan ajralib chiqqan. Bir yilda 800 ming dekolitr vino ishlab chkkdriladi. «Portveyn», «jasorat», «muskat», «Kagor» naveshri mashhur. Oltinsoy tumanida 2 qo’shma korxona, 5 yirik sanoat korxonasi, 172 kichik va xususiy korxona bor. 2003 yilda qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 12,4 ming gektar, shu jumladan, 4,1 ming gektar yerga paxta, 4,2 ming gektar yerga don ekinlari, 578 gektar yerga sabzavot, 90 gektar yerga poliz ekinlari ekiladi, 852 gektar bog’lar, 5,5 ming gektar tokzorlar bilan band. Oltinsoy tumanida 16 shirkat xo’jaligi, 120 fermer xo’jaligi bor. Tuman jamoa va shaxeiy xo’jaliklarida 33490 qoramol, 49800 qo’y va echki, 895 ot, 50900 parranda boqiladi. Tumanda 61 umumiy ta’lim maktabi (34770 o’quvchi), 4 kollej (1700 talaba), litsey-internat, musika maktablari bor. «Yoriltosh» havaskor qo’g’irchoq teatri, «Alpomish» shirkat xo’jaligidagi folklor ansambli madaniy xizmat ko’rsatadi. Markaziy kasalxona, kattalar va bolalar poliklinikalari, ishlab turibdi. Stadion, 7 sport zali, futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi maydonlari mavjud 1986 yildan «Oltinsoy tongi» tuman gazetasi chiqariladi (adadi 900).