Qubod, kavat
Qubod, kavat — neolit va jez davriga oid makonlar. Xorazm hududidagi Amudaryoning qadimgi Oqchadaryo deltasining g’arbiy qismida, ko’chma qumtepalarning shimolda joylashgan. Xorazm arxeologiya- etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan tekshirilgan. Kaltaminor madaniyatiga o’xshaydi. Qubod bir necha qatlamlarga bo’lingan, ba’zi qatlamlari jez davriga oid makonlardir, shulardan ayrimlari ancha mukammal o’rganilgan. Qubodda yashovchilar ovchilik, baliq ovlash va terimchilik bilan shug’ullangan. Qubod-5 qatlamidan topilgan buyumlar yarim yumaloq shaklda to’lqinli va to’g’ri chiziqlar bilan bezatilgan «kosalar» va boshqa sopol buyum siniqlaridan iborat. Bu naqshlar jonbos qal’a makoni idishlari bezagiga o’xshaydi. Qubod-7da Kaltaminor madaniyatiga xos turar joy qoldig’i topilgan. Turar joylarning maydoni 40-50 metr; asosan, qamish va yog’ochdan, qisman loydan qilingan bo’lib, qurilishda ustunlardan ham foydalanilgan. Qazishlar natijasida uylardan o’choq va kul qoldiqlari, sopol idishlarning siniqlari, suyak va chaqmoqtosh buyumlari topilgan. Sopol buyumlarning sirti bo’rtma shaklda bezatilgan. 3 mingga yaqin chaqmoqtosh qurollar topilgan.