Qudrat Hikmat

Qudrat Hikmat (1925 – Toshkent — 1968.10.4) — bolalar shoiri. Toshkent Pedagogika instituti kechki bo’limini tugatgan (1957). Respublika gazetalarida adabiy xodim (1950-53), badiiy adabiyot va san’at nashriyotida bo’lim mudiri (1960-68). Dastlabki she’riy to’plami — «Mening Vatanim» (1950). «Baxtli bolalar» (1951), «obodlik» (1953), «Do’stlik» (1954). «Uch o’rtoqning sovg’asi» (1957), «Nevara mehri», «Chirchiq farzandi» (1961), «Alisher va kitob» (1962), «Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak» (1963), «Soatjonning soati» (1964), «toshbaqalar hujumi» (1965), «shamol Botir» (1966), «Daydi bola», «o’g’lim bilan suhbat» (1970), «Olmos mening yuragim» (1983), «Mening yuragim» (1986) va boshqa to’plamlarga kirgan she’r, ertak va dostonlari ona-Vatan madhi, tabiat va fasllar tasviri, bolalar hayoti hamda ta’lim-tarbiya muammolariga bag’ishlangan. Qudrat Hikmatning Vatan madhidagi «mening Vatanim», tabiat va fasllar tasviridagi «bu qaysi fasl?», «Tog’ manzarasi», «ertalab», yangi yil ta’rifidagi «Yasha, yangi yil», «biz ekkan archa», xalq og’zaki ijodidagi o’yin qo’shiqlari asosida yaratgan «oq terakmi, ko’k terak?», «Chillak o’yini» singari she’rlari ifo- dasining soddaligi, serbo’yoq va yorqin manzaralar yaratilganligi bilan ajralib turadi. Qudrat Hikmat tug’ma bolalar shoiri sifatida o’zbek bolalar she’riyatiga yangi badiiy tovlanishlarni olib kirgan, uning vazn, band, qofiya tizimini bolalar ruhiyatidan kelib chiqqan holda isloh etgan. V.Mayakovskiy, S.Marshak, S.Mixalkov, A.Surkov, M.Bajan, A.Barto va boshqalarning bolalarga atalgan she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ad.: Qo’shjonov M., Quddus Muhammadiy va Qudrat Hikmat, T., 1969; Qo’shjonov M., Qudrat Hikmat, T., 1978. Rahmatulla Barakayev.