Quyosh dog’lari

Quyosh dog’lari – Quyosh fotosferasida kuzatiladigan Tim qora detallar. Quyosh dog’lari pora deb ataluvchi kichik qora nuqtalar (o’lchami 1000 — 2000 kilometr) ko’rinishida paydo bo’ladi. Dog’ kun sayin kattalashib, diametri = 5000 kilometrga etgach, yarimsoya bilan o’raladi. Eng katta Quyosh dog’larining diametri 20000 kilometrgacha yetadi. Hozirgacha kuzatilgan eng katta dog’ning o’lchami 100000 kilometrga yetgan. Quyosh dog’larining kichiklari bir sutkagacha yashaydi. Quyosh dog’lari ko’pincha katta va kichik dog’lardan iborat guruhlarni tashkil qiladi. Bu guruhlar Quyosh gardishida juda katta maydonlarni egallashi mumkin. Guruhlar 3 — 4 hafta, ba’zilari 3-4 oygacha ham yashashi mumkin. Quyosh dog’lari Quyosh ekvatorining ikkala tomonidan 5° dan 30° gacha geliografik kengliklarni o’z ichiga olib, dog’ dastlab quyi kenglamada paydo bo’ladi. Quyosh dog’larini birinchi bo’lib 1611 yilda G.Galiley teleskop yordamida kuzatgan. Nemis astronomi G.Shvabe esa 1843 yilda Quyosh dog’larining soni o’zgarishini topgan. 1913 yilda Amerikalik astronom J.Xeyl Quyosh dog’lari Quyosh sirtining sovigan qismlari ekanligi va fraungofer chiziqlarining Zeeman effektining ajralishi tufayli Quyosh sirtida kuchli magnit maydonlari borligini kashf qilgan. Magnit maydonlari Quyosh qa’ridan fotosferaga chiqayotgan energiya oqimini kamaytiradi va oqibatda, ularning yuzaga chiqish joyida temperatura pasayib ketadi. Quyosh dog’lari o’zagi fotosferadan 5 marta xira, yarimsoya esa o’zakdan 4 marta yorug’. Quyosh dog’lari o’zagining temperaturasi fotosfera temperaturasidan 1000— 2000 K ga past (4500 K va undan kam). Quyosh dog’larining o’rtacha yillik soni davriy ravishda 11 yilda o’zgarib turadi. 20-asrga kelib bundan ham uzoqroq (22, 80, 90, 600 yillik) davrlar topilgan.