Qarsak o’yin

Qarsak o’yin — o’zbek xalq raqslari turkumi. «Besh qarsak» va «Mayda qarsak» bo’limlaridan iborat. «Mayda qarsak», o’z navbatida, «Yakka qarsak», «qo’sh qarsak» va «tez» (yoki «uzma») nomli o’yinlarni o’z ichi- ga oladi. Unda qarsaklar bilan hosil qilinadigan usul, bayt, bir ovozda ay- tiladigan yallalar va raqs harakatlari birlashadi. Ko’p joylarda ijrochilar yonma-yon turgan yoki o’tirgan holda davra yoki yarim davra hosil qilib, o’rtadagi o’yinchiga hamohang bo’lib, usulga mos chayqalib turadilar. «Mayda qarsak» bo’limlari bir-biridan ajratilmasdan yaxlit ijro etiladi. Har bo’limda o’nlab xalq kuylari bo’ladi, biroq bir xil qarsak usuli bilan olib boriladi. 2-bo’limga o’tgach, qarsak ritmi o’zgarib, raqs harakatlarini yangilaydi. «Besh qarsak» yonmayon turib davra hosil qilgan holda ma’lum sur’at va usulda uriladigan besh qarsak (311) va ayrim xitoblar vositasi bilan o’ynaladigan ommaviy raqsdir. Uning katta davralarida 20 va undan ziyod kishi ishtirok etadi. Ular bir tempda qarsak urib turish bilan birga u yonbu yonga chayqalib, o’tiribturib, bukilib va ayni vaqtda yon bilan o’ng tomonga harakatlanib o’ynaydilar. O’yinda rechitativsimon baytlar bo’lib turadi. Davradagi o’yinchining harakatlari shiddatli va jangovar bo’ladi. U ko’proq qo’l, bel, yelka, ko’krak harakatlarini ishlatadi, yuzida sonsanoqsiz ifodalar hosil qiladi, goh bukilib, goh g’oz turib, goh cho’kkalab o’ynaydi. Ba’zan «Besh qarsak»da ichmaich ikki halqa davra hosil qilingan, ikki o’yinchi kuch sinashgan. Davradagi qarsakchilar ham, o’yinchilar ham badihago’y — improvizator bo’lishgan. Qarsak o’yinning elementlari ovchilik va zardushtiylik bilan bog’liq holda paydo bo’lib, borabora madaniylashgan va bazmlarda ko’rsatiladigan tomoshaga aylangan. 14-16-asrlarda u saroy bazmlarini ham bezagan. Qarsak o’yin taxminan 18-asr oxiri — 19-asr boshida 2 ga bo’linib ketgan: «mayda qarsak» tobora kengroq hududni egallab, vodiy madaniyatining bir qismiga aylanib boradi. «Besh qarsak», asosan, tog’li tumanlarda saqlangan. Qarsak o’yin Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida saqlanib kelmoqda. Ko’p joylarda (masalan, Urgutda) «mayda qarsak»ning o’yin va ashulalari badiiy havaskorlik uchun ijod va repertuar manbaidir. «Bahor» va «shodlik» ansambllarining ba’zi raqslarida Qarsak o’yin an’analarini ko’ramiz. Muhsin Qodirov.