Quddus, Ierusalim

Quddus, Ierusalim (Arabcha Al- Quds, qadimgi yahudiy tilida Ierushalaim) — Falastindagi shahar, o’lik dengizning g’arbidagi chala cho’lli yassitog’likda joylashgan. Aholisi 692,3 ming kishi (2003). Transport yo’llari chorrahasi. Sanoat, savdo-transport va madaniyat markazi. To’qimachilik, ko’n-poyabzal, metallsozlik, farmasevtika, poligrafiya, radiotexnika sanoati korxonalari mavjud. Olmosga ishlov beriladi. Hunarmandchilik rivojlangan. Quddus — musulmon, yahudiy va xristianlarda «muqaddas shahar» hisoblanadi. Quddus haqidagi dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalariga to’g’ri keladi. Dastlab Rushalimum (Shalim xudosi shahri), yozma manbalarda miloddan avvalgi 15-asrdan Urushalaim nomi bilan tilga olingan. Ierushalaim qadimgi Yahudiylar tilida «tinchlik shahri», Arabcha al- Quds — «muqaddas» shahar ma’nolarini anglatgan. Shahar qadimgi va o’rta asrlarda turli davlatlar (yahudiylar podsholigi, Rim imperiyasi, Vizantiya, Arab xalifaligi, Usmonli turk saltanati) tarkibida bo’lgan. 1920-47 yillarda Falastin hududidagi inglizlar mandatining ma’muriy markazi. 1947 yil 29 noyabrdagi BMT qaroriga muvofiq mustaqil ma’muriy birlik qilib ajratilgan. 1948-49 yillardagi Arab-Isroil urushi natijasida Isroil (g’arbiy qismi) bilan Iordaniya (Sharqiy qismi) o’rtasida ikkiga bo’lindi. 1950 yilda Quddusning g’arbiy qismini Isroil hukumati BMT qaroriga xilof ravishda mamlakat poytaxti deb e’lon qildi. 1967 yilda Isroil Quddusning Sharqiy qismini ham bosib oldi va 1980 yil 30 iyulda Quddusni «abadiy va bo’linmas poytaxt» deb e’lon etdi. BMTning (1967 — 71) qarorlariga muvofiq Quddus bo’yicha barcha anneksiyalar bekor qilingan. Shahar 2 qism: eski shahar va yangi shahardan iborat. Eski shahar 16-asrda qal’a devori bilan o’ralgan. Musulmon, yahudiy va xristianlar dahalari ajralib turadi. Me’moriy yodgorliklardan ellinizm va Rim davri hamda Arab madaniyati yodgorliklaridan Qubbat as-Sahro, al-Aqso masjidlari va cherkovlar, qal’alar saqlangan. 19-asrning 2-yarmidan qurila boshlagan yangi shaharda zamonaviy binolar, universitet majmuasi, tibbiyot markazi, milliy muzey, yahudiy universiteti (1918) va boshqalar bor.