Namangan
Namangan — Namangan viloyatidagi shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Aholi soni bo’yicha Farg’ona vodiysida oldingi o’rinda. O’zbekistonning yirik industrial shaharlaridan biri. Farg’ona vodiysining shimolda, shim. Farg’ona kanali bilan Namangansoy kesishgan yerda, 450 metr balandlikda joylashgan. Maydoni 83,3 km2. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26,3°, yanvarniki -2,3°. Aholisi 395,8 ming kishi (2003). Farg’ona vodiysining qadimgi poytaxti Axsikat (Axsikent) 1620 yildagi qattiq zilzila natijasida vayron bo’lganligi sababli, uning aholisi hozirgi Namangan shahri hududiga ko’chib o’tgan. Namangan tuz koni («namak kon») yaqinida vujudga kelgan bo’lib, shahar nomi o’rta asrlarga oid tarixiy qujjatlarda birinchi marta tilga olinadi. Zahiriddin Bobur o’zining «Boburnoma» (16-asr) asarida Namangan qishlog’i haqida gapirib o’tgan. V. P. Nalivkinning («Qo’qon xonligining qisqacha tarixi», Qozon, 1886) yozishicha, Namangan 1643 yilga mansub vaqf hujjatlarida uchraydi. 18-asrda Namangan Qo’qon xonligiga tobe bo’lgan. Biroq viloyatni boshqaruvchi bek qarorgohi sifatida o’z ahamiyatini saqlab qolgan. U faqat shahar aholisigina emas, balki atrofdagi tumanlar aholisiga xam xizmat qiluvchi hunarmandchilik markazi bo’lgan. Dehqonlar Namangan bozorlarida ip va gazlamalar, mis idishlar, zargarlik buyumlari va mehnat qurollarini sotib olishgan. Shaharda me’morlik sezilarli darajada taraqqiy etgan. Xo’ja Amin maqbarasi (17-asr), Mulla Qirg’iz madrasasi (1911-12) va ota Valixon to’ra masjidi (20-asr) kabi me’moriy yodgorliklari hozir ham mavjud. 1817— 22 yillarda Namangan aholisi kuchi bilan katta Yangiariq kanali qazilib, suv ta’minoti yaxshilandi. 1842-45 yillarda shahar baland devor bilan o’rab olingan. 1813-14 yillarda Namanganga kelgan rus ofitseri F. Nazarov bu yerda shahar hokimining devor bilan o’ralgan saroyida ancha katta garnizon borligini aniqlagan. Qo’qon xonligi hukmronligining so’nggi kunlarigacha Namangan bek qarorgohi bo’lib keldi. Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Farg’ona ma’muriy viloyati tuzilgach, Namangan uning uezd shaharlaridan biriga aylandi. 1894-95 yillarda uezd muassasalari uchun davlat binolari qurildi. 20-asrning boshlarida Namangan O’rta Osiyoning «eski» va «yangi» qismlardan iborat tipik shahriga aylandi. 1912 yilda shaharga Qo’qon tomonidan temir yo’l o’tkazildi. 1914 yil zavodlar soni 17 taga yetdi. Bundan tashqari, 2 yog’ zavodi ham qurildi. Shahardagi har ming kishidan 22 tasi sanoat ishchisi bo’lgan. 1916 yilda Namanganda Nikolay II ning mardikorlikka olishi haqidagi farmoniga qarshi mehnatkashlarning chiqishi bo’ldi. Bolsheviklarning bosqinchilik urushi davrida Namangandagi korxonalarning qariyb 80%ida ish to’xtab qoddi. Urushdan keyin sanoat korxonalari tiklanib, rivojlana boshladi. Motor ta’mirlash, sut-yog’, konserva, g’isht, paxta tozalash zavodlari, non kombinati, elektr stansiyasi va bir qancha mayda mahalliy sanoat korxonalari ishga tushirildi. Viloyatda paxtachilik, pillachilik va qishloq xo’jaligining boshqa tarmoqlari rivojlanishi shaharda keng iste’mol buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari sanoatining rivojlanishiga sabab bo’ldi. Shu davrda shaharda 3 elektr stansiya, vino va pivo zavodlari, yigiruv-to’quv fabrikasi, ta’mirlash-mexanika ustaxonasi qurildi. Sanoatning yalpi mahsuloti yildan-yilga ortib bordi. 2-jahon urushi yillarida shaharda poyabzal fabrikasi, tikuvchilik korxonasi, go’sht kombinati, mahalliy va kooperativ sanoat korxonalari ishga tushirildi. Urushdan keyin yengil, oziq-ovqat, og’ir, kimyo, metallsozlik, elektrotexnika va qurilish sanoatlari rivojlandi. Shaharni elektr energiya bilan to’la ta’minlash maqsadida 1946 yil Namangansoyda 2-GES qurildi. 1949 yilda Markaziy ekskavator stansiyasi tashkil etilib, bu yerda turli xil ekskavator, skreper, bulldozer kabi qishloq xo’jalik mashinalari ta’mirlandi. O’rta Osiyoda yagona elektrotexnika zavodi (sanoatda va ro’zg’orda ishlatiladigan) elektr isitkich asboblari ishlab chikara boshladi. Namangan respublikaning yengil va oziq-ovqat sanoatlari markazlaridan biriga aylandi. Bu yerda O’zbekistonning to’qimachilik mahsulotlarining 15%ini ishlab chiqaruvchi yirik to’qimachilik korxonalari qurildi. Shaharda 36 qo’shma korxona mavjud. Shulardan, O’zbekiston—Yaponiya «Silk Road», O’zbekiston—Shveytsariya «Nestle», O’zbekiston — Turkiya «Asnam-Tekstil» va boshqa qo’shma korxonalarning xissasi salmoqlidir. «Atlas», «Noto’qimachi», «Namangango’shtsutsanoat», «Namanganekstraktyog'», «Namanganmebel», «Namangandonmahsulot», «Mehmash», «Karbonam», korxonalari faoliyat ko’rsatmoqda. Shaharda 400 dan ziyod kichik va o’rta biznes sub’yektlari bor. Mustaqillik yillarida shahar butu nlay o’zgarib ketdi. Ilgarigi tor ko’chalar o’rnida keng va ravon yo’llar bunyod etildi. «Boburshoh», «Do’stlik», «Marg’ilon», «Oromgoh», «Uychi» ko’chalari tubdan qayta ta’mirlandi. Namangan azaldan o’zining hunarmandchiligi bilan nom qozongan. Shaharning turli burchaklarida kichik bozorchalar bo’lib, hunarmandlar, savdogarlar, dehqonlar o’z mahsulotlarini ana shu bozorchalarda sotishgan. Keyingi 10 yil ichida bu bozorlar o’rnida «Chorsu», «Do’stlik», «Taxtako’prik», «Shohbekat», «Jahon» singari zamonaviy bozorlar qad ko’tardi. Shahar markazida Amir Temur, Bobur xiyobonlari, «tinchlik» maydoni, Mashrab nomidagi bog’bunyod etildi. Bobur bog’i hududida «Xotira» maydoni barpo qilindi. Boburshoh ko’chasida akademik litseyning o’quv binosi va yotoqxonasi, Do’stlik ko’chasida transport-aloqa kollejining binosi qurib foydalanishga topshirildi. San’at, madaniyat, tibbiyot, sanoat kollejlarining binolari tubdan qayta ta’mirlandi va jihozlandi. Shahar markazida tez tibbiy yordam ko’rsatish markazi, endokrinologiya, «Ona va bola» markazlari, ko’pgina mahallalarda ambulatoriyalar ishga tushirildi. Aksariyat mahallalarda guzarlar qurildi. Shaharda 21 avtotransport va 7 aloqa korxonasi, 48 yirik qurilish korxonalari mavjud. Transport vositalari qatnaydigan ko’chalarining uzunligi 1010 kilometr. Trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgai. Aeroport bor. Viloyat tumanlariga avtobuslar qatnaydi. Shaharga «O’zdunrobita», «Kamalak — TV» va «DEU Yunitel» qo’shma korxonalari xizmat ko’rsatmoqda. Namanganda 38 yirik savdo korxonasi va ko’pgina savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Namangan respublikaning fan va madaniyat markazlaridan biri. Shaharda universitet, 2 institut, 10 kollej, 2 kasb-hunar maktabi, 2 akademik litsey, iqtisodiyot litseyi, 51 umumiy ta’lim maktabi, 53 maktabgacha tarbiya muassasasi bor. 2002/2003 o’quv yilida universitet va institutlarda 11129, o’rta maxsus o’quv yurtlarida 10630 talaba, kasb-hunar maktablarida 498, litseylarda 1608, umumiy ta’lim maktablarida 76801 o’quvchi ta’lim oldi. Shaharda 2 teatr, bolalar qo’g’irchoq teatri, 27 jamoat kutubxonasi, 5 klub, 4 madaniyat va istirohat bog’i, 2 madaniyat saroyi, 6 madaniyat uyi, 5 muzey, 2 bolalar musiqa maktabi mavjud (2003). 5 sport maktabi, bir qancha stadion va suzish havzalari, «Paxlavon», «Dinamo» sport majmualari, «Do’stlik» tennis maydonlari, Otchopar bor. 67 kasalxona, 2 tug’ruqxona, 15 poliklinika, 6 ayollar konsultasiyasi, tibbiy dispanser, 4 shahar vrachlik punkti, sanatoriy-profilaktoriylar aholiga xizmat ko’rsatmoqda. Murodulla Haydarov.