Namangan adirlari

Namangan adirlari – Namangan viloyatidagi adirlar. Namangan shahridan shimolda, Janubiy-g’arbiy yo’nalishda joylashgan. Uzunligi 35-40 kilometr, eni 8-10 kilometr. Adirlar pliosen — quyi to’rtlamchi davrning qo’ng’ir alevrolitlaridan tuzilgan, ularga kichik qatlam holda gravelit va konglomeratlar aralashgan. Namangan adirlari meridianal yo’nalishda oqadigan soy (Chortoqsoy, Pochchaotasoy, Namangansoy, Kosonsoy va boshqalar)lar o’zani bilan bo’lingan. Chekkalari atrofidagi tekisliklarga sekin-asta qo’shilib ketgan. Bir oz tikroq yon bag’irlarida tub jinslar yuzasi ochilib qolgan. Tuproqlari yuvilgan, dag’al skeletli, yupqaroq, gumus miqdori 0,5—1,0%. Oddiy bo’z tuproqlarda rang, qo’ng’irbosh, efemeroidlar keng tarqalgan. Yaylov chorvachiligida foydalaniladi. Keyingi vaqtlarda adirli yerlar o’zlashtirilishi munosabati bilan tuproqlarning sho’rlanishi, eroziya, yon bag’irlarining o’pirilishi kabi jarayonlarning rivojlanishi kuzatilmoqda.