Namangan tumani

Namangan tumani — Namangan viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Sharqdan Uychi, Norin, shimoldan Kosonsoy, Yangiqo’rg’on, Chortoq, g’arbdan To’raqo’rg’on, Janubdan Mingbuloq, Andijon viloyatining Baliqchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,25 ming km2. Aholisi 170,9 ming kishiga yaqin (2003). Namangan tumanida 1 shaharcha (Toshbuloq), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’ishamol, Ibrohim Rahmatov, Irvadon, Mirishkor, Oxunboboyev, Tepaqo’rg’on, Xonobod, Sho’rqishloq, Uzbekistan, Qumqo’rg’on, G’alcha, G’irvon) bor (2003). Markazi — Toshbuloq shaharchasi. Tabiati. Namangan tumani yer yuzasi tekislik, adir va do’ngliklardan iborat bo’lib, o’zlashtirilgan dasht zonasiga kiradi. To’rtlamchi geologik davrning oqiziq jinslari (lyoss, loy, qum, shag’al)dan tashkil topgan. Janubga tomon qiya (balandligi 400-450). Tumanda yer osti suvi ko’p. Qurilish materiallaridan ohaktosh, g’isht tayyorlanadigan tuproqlar bor. Iqlimi quruq subtropik, yozi quruq, issiq, qishi qisqa, sovuq va sernam. Yog’in-sochin kam (300-350 mm), bug’lanish katta. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — g, -3° iyulniki 26,3°. Vegetatsiya davri 236 kun. Ob-havo sharoiti subtropik mevalar (anjir, anor va boshqalar) yetishtirish uchun qulay. Soy ko’p, vodiylari tosh-shag’al bilan qoplangan. Tuproqlari adirlarda tipik va och bo’z tuproq, adirlar orasida sug’oriladigan o’tloqi, botqoq-o’tloqi va botqoq tuproqlar tarqalgan. Tumanning shim.dan Shimoliy Farg’ona kanali, Janubdan Sirdaryo oqib o’tadi. Katta Namangan kanali, Yangiariq, Namangansoy, girvonsoy, Irvadonsoy, kosonsoy kabi suv manbalaridan Namangan tumani darvozasi. ekinzorlar sug’oriladi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, quyon va boshqalar, qushlardan yovvoyi o’rdak, yovvoyi kaptar, ola-qanot, qaldirg’och, chumchuq, laylak, boyo’g’li va boshqalar uchraydi. Aholisining aksari qismi o’zbeklar (98,6%), shuningdek, tojik, qirgiz, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 683 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 13,7 ming kishi, qishloq aholisi 157,2 ming kishi (2003). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari ham faoliyat ko’rsatadi. Paxtachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik, g’allachilik, chorvachilik bilan shug’ullaniladi. «Mirishkor» qo’shma korxonasi, paxta tozalash zavodi, kichik va xususiy korxonalar, aktsiyadorlik jamiyatlari ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Tumanda 13 xo’jalikda paxta yetishtiriladi, Ipakchilik bilan shug’ullanuvchi va sabzavot yetishtiruvchi shirkat xo’jaliklari ham bor. 315 fermer xo’jaligi 3730 gektar yer maydonida faoliyat ko’rsatadi. Shulardan 114 tasi paxtachilik, 35 tasi g’allachilik, 47 tasi sabzavotchilik, 78 tasi bog’dorchilik, 41 tasi chorvachilik bilan shug’ullanadi. Ushbu fermer xo’jaliklarida 2316 kishi ishlaydi (2003). 2001/2002 o’quv yilida 42 umumiy ta’lim maktabida 43 ming o’quvchi, 3 ta qishloq xo’jaligi, sanoat va maxsus iqtisodiy kollej, maxsus iqtisodiy litseylarda 1700 dan ortiq o’quvchi ta’lim oldi. Bolalar musiqa maktabi bor. Tuman madaniyat saroyi qoshida ashula va raqs ansambli, «Bo’ston» folklor etnografik ansambli faoliyat ko’rsatmoqda. Tumandagi «Yosh texniklar» maskani jamoasi barcha tanlovlarda g’olib chiqqan. Tumanda markaziy kutubxona, uning 35 ta filiali, madaniyat saroyi va 12 ta madaniyat uylari mavjud. Markaziy stadion (15 ming o’rin), yopiq tennis korti, 14 futbol, 17 basketbol, 21 qo’l to’pi, 85 voleybol maydoni va maydonchalari, 30 sport zallari ishlab turibdi. Jismoniy tarbiya va sport bilan 42 mingdan ziyod kishi muntazam shug’ullanmoqda. Sport sektsiyalari va to’garaklarida 20 mingga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Namangan tumanida tuman markaziy kasalxonasi, yuqumli kasalliklar, 5 qishloq, 2 xususiy kasalxonalar (630 o’rin) mavjud. 1 ixtisoslashgan Markaziy poliklinika, 1 tish davolash poliklinikasi, 14 qishloq vrachlik punkti, 30 feldsher-akusherlik punkti, 15 dorixona bor. Tumandagi barcha tibbiy muassasalarda 170 vrach, 883 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 1962 yil 10 iyundan «istiklol» tuman gazeta chiqadi (adadi 5 ming). Murodulla Haydarov.