Namlik o’lchagich

Namlik o’lchagich — gazlar, suyuqliklar va qattiq jismlar (shu jumladan, sochiluvchan jismlar, masalan, tuproq, qum) namligini o’lchaydigan asbob. Gigroskopik, elektr-kimyoviy, gigrometrik va psixometrik xillari bor. Gigroskopik Namlik o’lchagichning ishi materiallar va moddalarning atrof muhitdagi namlik (suv bug’lari) ni o’ziga yutish xossasiga asoslangan. U gazlar va suyukliklarning namligin o’lchashda ishlatiladi. Elektr- kimyoviy Namlik o’lchagich jismlardan elektr toki o’tkazilganda unda kimyoviy reaktsiya yuz berib, namlik miqsorini o’zgartirishga asoslangan. U bilan ham gazlar va suyuqliklarning namligi o’lchanadi. Gigrometrik Namlik o’lchagichning ishi namlik miqdoriga qarab yog’sizlantirilgan soch tolasining o’z uzunligini o’zgartirishi xossasiga asoslangan. U gazlarning namligini o’lchash uchun ishlatiladi. Psixrometrik Namlik o’lchagichning ishi ikki termometr (biri quruq, ikkinchisining ustiga ho’llangan mato o’ralgan) ning ko’rsatishlar farqini o’lchashga asoslangan. Bu ham gazlar uchun mo’ljallangan. Namlik o’lchagichlarning sig’imli, konduktometrik va yadroviy magnit rezonans hodisasiga asoslangan turlari ham bor. Bular suyukliklar va qattiq jismlar namligini o’lchash uchun mo’ljallanadi.